23 Iyul 2025 yil 2496

Axborot xavfsizligi – zamon talabi: Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyatini yaqindan o‘rgandi

Bugungi raqamli zamonda axborot texnologiyalari jamiyatning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bir paytda, ushbu yo‘nalishdagi jinoyatlarga qarshi kurashish, ularni barvaqt aniqlash va oldini olish huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i yaqinda yangidan tashkil etilgan Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif chog‘ida ichki faoliyat, kadrlar salohiyati, qo‘llanilayotgan texnik vositalar va dasturiy taʼminotni o‘rgandi.

Jinoyatlar ko‘lamining o‘sishi aholi axborot xavfsizligini taʼminlash, internet orqali firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni noqonuniy egallash va feyk akkauntlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarni tezkor aniqlash zarurligini kun tartibiga olib chiqmoqda.

Shu munosabat bilan boshqarma faoliyatini zamonaviy axborot tizimlari, intellektual kuzatuv kameralari va raqamli tahlil platformalari bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor javob berish maqsadida “Call-markaz” tashkil etish, idoralararo integratsiyani yo‘lga qo‘yish va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, kiberjinoyatlarni fosh etishda zamonaviy dasturiy yechimlar, raqamli izlarni aniqlash va kiber tahlil imkoniyatlarini amaliyotga joriy etish muhimligi qayd etildi.

Yoshlar va keng jamoatchilik o‘rtasida "Kiberxavfsizlik soati" kabi doimiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish orqali huquqiy savodxonlikni oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faqat nazorat emas, jamiyatni xabardor qilish va himoya qilish vazifasini ham amalga oshiruvchi muassasaga aylanishi lozimligi alohida qayd etildi.

Text to speech