11 Iyul 2025 yil 220

Shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarlik va korrupsiogen holatlarning oldini olish, xodimlarning kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish, favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan harakat qilish hamda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini oshirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida Buxoro viloyati IIBning keng qamrovli yig‘ilishi o‘tkazildi

Yig‘ilishni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i shaxsan o‘zi olib bordi.

Tadbirda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish departamentining 6-mintaqaviy hududi va jazoni ijro etish muassasalari rahbariyati, IIV tarkibidagi harbiy qism komandiri, Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshlig‘i, IIV Buxoro akademik litseyi direktori hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Yig‘ilishda respublika ichki ishlar organlari, jumladan Buxoro viloyati IIB va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar, xizmat va ijro intizomini buzish holatlari aniq misollar asosida tahlil qilinib, shaxsiy tarkib eʼtiboriga yetkazildi. Bu kabi holatlar xizmat intizomi va qonun ustuvorligiga tahdid solishi, tizimga nisbatan ishonchga salbiy taʼsir ko‘rsatishi qayd etildi.

Shu bilan birga, murojaatlar bilan ishlashda kuzatilayotgan tizimli kamchiliklar, sansalorlik, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqmaslik holatlari ayrim hollarda korrupsion vaziyatlarga olib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Mazkur yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish, murojaatlarga munosabatda masʼuliyatli va adolatli bo‘lish, fuqarolar ishonchini oqlash muhim vazifa ekanligi qayd etildi.

Yig‘ilishda kunduzgi va tungi xizmatga, piyoda hamda avtopatrullik guruhlari, shuningdek, tezkor-tergov guruhlariga jalb etilgan xodimlarning chaqiruv asosida hodisa sodir bo‘lgan joyga o‘z vaqtida yetib borishi, u yerda amalga oshiradigan protsessual harakatlarni qonuniy, aniq va talab darajasida olib borish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda qonuniy asosda jismoniy kuch, maxsus vositalar va quroldan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarni mustahkamlash zarurligi alohida taʼkidlandi.

Shaxsiy tarkibning kasbiy mahorati, jismoniy va jangovar tayyorgarligi, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri, tezkor va aniq harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha doimiy mashg‘ulotlar o‘tkazish, malaka va shaylikni baholashning samarali mexanizmlarini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida barcha mutasaddilarga xizmat intizomini mustahkamlash, shaxsiy tarkib bilan individual ishlash, tizimda shaffoflik va jamoatchilik ishonchini oshirish, shu bilan birga huquqbuzarlik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Text to speech