30 May 2023 yil 472

Harbiy xizmatga borish oldi tibbiy ko‘rik hujjatlarini “taxlab” bergan ustomon jinoyat ustida qo‘lga olindi

DXX Buxoro viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquq tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Buxoro shahar Mudofaa ishlar bo‘limi safarbarlik chaqiruvi rezervi bo‘linmasi boshlig‘ining katta yordamchisi Buxoro shahar “Ko‘ksaroy” mahallasida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan S.D. ismli shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro U.Q. ni aldab, ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini bir yillik harbiy xizmatga yuborish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda vrachlarga pora berib, sog‘lom deb o‘tkazib, Toshkent viloyati Zangiota tumanida harbiy xizmatga yuborganligi evaziga 2023-yilning mart oyi oxirida 300 AQSH dollari talab qilib olgan.

Ammo, harbiy xizmatga chaqirilgan fuqaro joriy yilning aprel oyi oxirida harbiy xizmat o‘tayotgan harbiy qismda takroran tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ko‘zidagi nuqsoni sabab harbiy xizmatdan bo‘shatib yuborilgan.

Shundan so‘ng, S.D. ishni bajara olmaganligi sababli “soldat”ning otasidan olgan 300 AQSH dollaridan 1.575.000 so‘m pullarni qaytarib berayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro S.D. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda, fuqarolarimizga noqonuniy yo‘l bilan mushkulingizni oson qilish, “ish” bitirish, mo‘may daromadni ko‘zlab qonunlarni aylanib o‘tish jinoyat ekanligi hamda aynan shu kabi holatlar jinoyat qonunchiligida har ikkala tomonning ham birday jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz.

Ogoh bo‘ling! Firibgarlarning nayrangiga uchib jabrdiyda bo‘lish bilan bir vaqtda, bilib bilmay aybsiz aybdorga aylanib qolmang!

Text to speech