Avtomashinadan pullarni o‘margan shaxs qo‘lga olindi.
2021 yil 4 aprel kuni nomaʼlum shaxs Qorako‘l tumani “Chekirchi” mahallasida joylashgan mol bozori oldida turgan, tumanning “Chovli” mahallasida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan J.B.ga tegishli “Lasetti” rusumli avtomashinaning haydovchi tomon eshigini g‘ayriqonuniy ravishda ochib, avtomashina orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan 10.500.000 so‘m naqd pullarini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni 1987 yilda tug‘ilgan E.Sh. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.