8 Avgust 2023 yil 922

“Ayollar muruvvat uyi”ga hamshira vazifasiga ishga kiritish evaziga 1.600 AQSH dollari talab qilgan ayol qo‘lga olindi

Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahallasida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan O.M. ismli ayol boshqa bir fuqarodan uning tanishini tibbiyot muassasalarida ishlovchi o‘zining vakolatli tanishlari orqali Buxoro nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Ayollar muruvvat uyi”ga hamshira vazifasiga ishga kiritish evaziga 1.600 AQSH dollari berishni talab qiladi.

Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari, DXX viloyat boshqarmasi va IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda joriy yil 2-avgust kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Jondor-Qorako‘l-Olot” yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi tashuvchi avtomashinalar turargohida ushbu ayol talab qilingan pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech