Bahosi 330 milliondan oshiq bo‘lgan 437,3 gramm bo‘lgan 4 dona quyma oltin bo‘laklarini noqonuniy ravishda sotayotgan shaxslar ushlandi
Buxoro viloyati IIB JQB hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida joriy yilning 25-iyul kuni o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirda Shofirkon tumani “Navbahor” mahallasida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan R.J. ismli shaxs shu mahallada yashovchi, 2007-yilda tug‘ilgan N.J. va Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan O‘.F. lar bir guruh bo‘lib, Shofirkon tumani “Bobo Haydar” mahallasi hududida taxminan soat 16:30 larda ikki fuqaroga qonunga xilof ravishda har bir grammini 730 ming so‘mdan baholab, jami 437,3 gramm bo‘lgan 4 dona quyma oltin bo‘laklarini 300 mln. so‘m va 7 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolaridan pullar va quyma oltin bo‘laklari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan 4 dona quyma oltin bo‘laklari 436,51 grammni tashkil etib, asosi (probasi) 900o dan yuqori (975o atrofida) bo‘lgan oltin qorishmasidan tayyorlangan.
Markaziy bank belgilagan 1 gramm oltin quymasining milliy so‘mga nisbatan qiymati 2023-yil 25-iyul kuni holatida 762.800 so‘m (+ -) bo‘lib, 436,51 gramm oltin quymasi 332 mln. 969 ming 828 so‘mni tashkil qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 177-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.