Bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi
Taʼkidlash joizki, so‘ngi yillarda Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lidagi masʼuliyatli va sharafli xizmat vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlari, vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama ijtimoiy himoya qilish, yashash va xizmat vazifalarini o‘tashlari uchun munosib va xavfsiz shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
25 oktyabr “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan Buxoro shahrida IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shinlarining 50 nafar harbiy xizmatchilariga yangi xonadonlarning topshirilishi ham haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi va sektor rahbarlari, harbiy xizmatchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Unda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarini turar-joy bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini aytib o‘tib bugungi qo‘shaloq bayram bilan muborakbod etishdi.
Taʼkidlash joiz 15 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga Buxoro shahrida bunyod etilgan zamonaviy ko‘rinishdagi 7 qavatli 50 xonadondan iborat ushbu uy-joylarning qurib topshirilgani, imtiyozli to‘lov krediti asosida berilayotgani mana shu xayrli tashabbusning amaldagi ifodasidir. Bu kabi rag‘bat eʼtibor xodimlarni o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbatini yana-da oshirib, xizmat faoliyatiga kuch-g‘ayrat bag‘ishlash bilan birga, ularni yangi marralar sari yetaklaydi.