Bir necha kishining plastik kartalaridan pul o‘margan firibgar ayol ushlandi
2022 yilning 17 oktyabridan 21 noyabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs qasddan jinoyat sodir etish yo‘liga o‘tib, o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish va moddiy boylik orttirish maqsadida “Halq banki” ATB tomonidan Kogon shahar Temiryo‘lchi ko‘chasida yashovchi fuqaro B.M. nomiga rasmiylashtirilgan hamda yana shunga o‘xshash 4 nafar fuqarolarning plastik kartalaridan jami 21.328.000 so‘m pullarini axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yechib olib, jabrlanuvchilarga moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 3-qismi “b" va "G” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni G‘ijduvon tumani b.Naqshband ko‘chasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan Sh.D. ismli ayol sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyatimiz hamda Respublikamizning boshqa hududlarida sodir etilib aniqlanmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.