Bosh prokuratura ishchi guruhi Buxoroda jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olishga doir bajarilgan ishlar bilan tanishdi
Bosh prokuraturaning ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar ahvoli yaqindan o‘rganildi.
Jumladan, viloyat va tuman (shahar) prokuraturalari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limlari ish yurituvidagi tergovga qadar tekshirish hujjatlari va jinoyat ishlari o‘rganilib, surishtiruvchi va tergovchilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Bunda, surishtiruv va tergov jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish, inson shaʼni va qadr - qimmatining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, faoliyatda qonuniylikni qatʼiy taʼminlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganish natijalari joriy yilning 27-may kuni Bosh prokuror birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilinib, hududda jinoyatchilikni jilovlash, tergov sifatini oshirish va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka doir topshiriqlar berildi. Faoliyatda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, ijroga qaratildi.