Boshqarma boshlig‘i ishtirokida Vobkent tumanidagi mahallalar “beshlik” vakillari bilan navbatdagi muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Hududlarda mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida bugun, 7-iyun kuni viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligidagi masʼullar ishtirokida 3-sektor hududiga qarashli Vobkent tumanida mavjud 21 ta mahallaning “beshlik” vakillari, MFY raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektorlari uchun navbatdagi muhokama yig‘ilishi tashkil etildi.
Muloqotda, boshqarma boshlig‘iga “beshlik” vakillari tomonidan mahalla binosi qurish, yo‘llarni asfaltlashtirish, tibbiyot punktlari, maktab va bog‘chalarni taʼmirlash, nogironligi bor yoki boshqa og‘ir xastalik tufayli jarrohlik amaliyotiga muhtoj fuqarolarga ko‘mak ko‘rsatish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni hal etishga doir murojaatlar yo‘llandi.
Barcha masalalar tegishli boshqarma va mutasaddilar ishtirokida birma-bir muhokama qilinib, ularning ijrosi yuzasidan zaruriy choralar belgilab olindi.
Shuningdek, mahallalar infratuzilmasini yana-da yaxshilash, bu orqali esa odamlarning turmush darajasini oshirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir taklif va murojaatlar o‘rganildi.