7 Sentyabr 2023 yil 777

Buxoro shahri jinoyatdan xoli “yashil” hududga aylanadi

Bugun, 7 sentyabr kuni Buxoro shahar hokimligida Viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Mahmud Istamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida Buxoro shahrida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasidagi amalga oshirilayotgan manzilli ishlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 – 11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit hamda aholi osoyishtaligini taʼminlash borasida “Buxoro tajribasi”ni yaratish kerakli to‘g‘risida tegishli topshiriqlar berilgan edi.

O‘tkazilgan muhokama yig‘ilishi ham ushbu topshiriqlar ijrosiga qaratilib, Buxoro shahrida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirib, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlarni belgilab olishga xizmat qildi.

Unda shahar sektor rahbarlari, prokuratura, ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmat vakillari, hokim o‘rinbosarlari, taalluqli tashkilot va korxonalar vakillari hamda Buxoro shahridagi mavjud mahallalar “beshlik” lari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda dastlab, viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, viloyatda sodir etilayotgan jinoyatlarning 30 foizi Buxoro shahriga to‘g‘ri kelayotgani, Buxoroi sharif ulug‘ piru komillar, buyuk siymolar yurti ekanligi, bu zaminda sodir etilgan bitta jinoyat ham aslida favqulotda holat hisoblanishi kerakligini alohida taʼkidladi.

Jinoyatlarni oldini olish borasidagi keng ko‘lamli profilaktik tadbirlarni bugundan boshlab eng yuqori bosqichga ko‘tarish kerakligi, joriy yil oxirigacha Buxoro shahri o‘z nomiga, tarixiga, nufuziga monand jinoyatdan xoli "yashil maskan"ga aylanishi lozimligi haqida so‘z yuritilib, bunga mahallalarda faoliyat olib boruvchi “beshlik” vakillari, mahalla raisi, profilaktik inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli hamda yoshlar yetakchisining uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘ygan holda erishish mumkinligi aytildi.

Shundan so‘ng, Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov so‘zga chiqib, Buxoro shahrida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida tuzilgan "Yo‘l xaritasi" haqida maʼlumot berdi.

Unga ko‘ra Buxoro shahrida jinoyatchilikni jilovlash borasida 17 ta yo‘nalish bo‘yicha shakllantirilgan ishchi guruhlar vazifalari birma-bir tushuntirildi.

Ushu guruhlar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi, amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligi shaxsan viloyat prokurori hamda ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan nazorat qilinishi ham aytib o‘tildi.

Keyingi o‘rinda so‘zga chiqqan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov o‘z so‘zida viloyatda joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida sodir etilgan jinoyatlar tahliliga to‘xtalib, hududlarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligini aytib o‘tdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda, kelusida bajarilishi lozim bo‘lgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar, har bir vazifa yuzasidan masʼullar va uning bajarilish muddatlari aniq belgilandi.

Text to speech