Buxoro shahrida jinoyatchilikning "mahallabay" muhokamasi o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi manzilli ishlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida jinoyatchilikning "mahallabay" muhokamasi o‘tkazilishi yuzasidan "Buxoro tajribasi" yaratilgan.
Jumladan, bugun ham jinoyatchilikning navbatdagi «mahallabay» muhokamasi Buxoro shahrining "S.Boxarziy" mahallasi aholisi ishtirokida o‘tkazildi.
Muhokamada viloyat prokurori o‘rinbosari Aliakbar Pulatov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Bahodirxo‘ja Sharipov, huquq-tartibot organlari masʼullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, hamda mahalla “yettiligi” vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur muhokama yig‘ilishida, Buxoro shahrining "S.Boharziy" mahallasida vujudga kelgan kriminogen vaziyat, ushbu hududda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, keng jamoatchilik vakillari, korxona va tashkilot hamda mahalla masʼullariga jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo‘yicha birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy profilaktik chora-tadbirlar yuzasidan zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.