17 Aprel 2025 yil 1300

Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi talabalarning qator tashabbus va takliflari ro‘yobiga xizmat qildi

Har qanday davlatning kelajagini maʼnan yetuk, jismonan sog‘lom va intellektual salohiyatli yoshlar belgilaydi. Zotan, yoshlarga eʼtibor mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan eʼtibordir. Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi ushbu maqsadlarga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

2025 yilning 8 mart kuni Ichki ishlar hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish vazirliklarining qo‘shma qarori tasdiqlanib, unga ko‘ra respublika hududidagi barcha oliy taʼlim muassasalariga hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari masʼul etib biriktirildi.

Mazkur qarorga asosan Buxoro davlat universiteti talaba-yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish vazifasi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga yuklatilgan.

Qarorda ko‘rsatilgan vazifalarni ijro etish borasida universitet masʼullari bilan hamkorlikda bir qator ishlar olib borilmoqda.

Universitet rahbariyati, viloyatning bosh imomi, Ichki ishlar boshqarmasining tegishli sohaviy xizmatlari masʼullari, muassasa profilaktika inspektorlari va talaba yoshlar ishtirokida bugun o‘tgan mazkur ochiq muloqotda, mutasaddilar davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik haqida alohida to‘xtalib, talaba yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish borasida so‘z yuritildi. Talaba yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar birma-bir tahlil qilinib, kelgusida bu kabi noxushliklarni oldini olishning aniq va manzilli chora-tadbirlari belgilab olindi.

Uchrashuv so‘nggida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.

Ularning qiziqish va murojaatlari ijrosi yuzasidan Universitet rahbariyati hamda boshqa mutasaddilarga manzilli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech