1 Oktyabr 2022 yil 306

Buxoro: IIV tashabbusi bilan Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlarining ilmiy salohiyati va kasbiy mahoratini oshirishga doir sayyor o‘quv yig‘ini o‘tkazildi

IIVning joriy yil 3-chorakka mo‘ljallangan tegishli rejasiga asosan Buxoro viloyati Ekspert-kriminalistika xizmati va uning quyi tizimlari xodimlariga hodisa joylaridan hamda ashyoviy dalillardan qo‘l izlarini olishning zamonaviy usul va vositalari bo‘yicha sayyor o‘quv yig‘ini tashkillashtirildi.

Bunda, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi masʼullari tomonidan  “Hodisa joyini ko‘zdan kechirishda va laboratoriya sharoitida murakkab sirtlarda qoldirilgan qo‘l izlarini aniqlash, qayd etish va olish usullari”, “Buyumlarda qoldirilgan qo‘l izlarini lyuminessent kukunlar bilan aniqlash usullari”, “Fizikaviy usullarda qo‘l izlarini aniqlashning zamonaviy usullari va vositalari”, “Kimyoviy usullarda qo‘l izlarini aniqlashning zamonaviy usullari va vositalari” hamda “Tirik shaxslar va murdalarning qo‘l izlarini olish usullari”  mavzularida seminar o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. 

Tashkil etilgan sayyor o‘quv yig‘ini doirasida hodisa joyi hamda ashyoviy dalillardan qo‘l izlarini olishning zamonaviy usul va vositalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilib, turli xil sirtlardan qo‘l izlarini olish usullari, bu borada samaradorligi yuqori bo‘lgan maxsus kukunlarni ishlatish usullari namoyish etildi. O‘quv jarayonlarida xodimlar bilim saviyalarini oshirishi bilan bir qatorda bevosita turli xil sirtlardan qo‘l izlarini olib o‘z kasbiy mahoratlarini oshirishdi.

Bu kabi sayyor o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan maqsad Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlarining ilmiy salohiyati va kasbiy mahoratini oshirib borish, sodir etilgan jinoyatlarni ekspert-kriminalistika imkoniyatlaridan foydalangan holda “issiq izi”dan ochish samaradorligini oshirishdan iborat.

Text to speech