Buxoro: “Oilam — qo‘rg‘onim” tadbir tashkil etildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Ayol xo‘rlansa oilada nosog‘lom maʼnaviy muhit shakllanadi, ayol bebosh bo‘lsa, jinoyatga yo‘rg‘alaydi, ayol kasalmand bo‘lsa, millat genofondi buziladi, ayol ilmu maʼrifatdan uzoqlashsa, farzandlar tarbiyasiz o‘sadi. Bu esa alal-oqibat mamlakat taraqqiyotiga bolta urishi muqarrar. Ayol baxtli bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi”.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rnini yana-da mustahkamlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, IIV ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyati hududida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar doirasida bugun, 15 oktyabr kuni Buxoro shahrida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Buxoro shahar hokimligi hamkorligida ajrimlarning oldini olish, oilalardagi nizolarni bartaraf etish, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida “Oilam — qo‘rg‘onim” nomli navbatdagi tadbir tashkil etildi.
Bunda, joriy yil davomida hududida birorta ham jinoyat va ajrim holatlari qayd etilmagan 3-sektorga qarashli “Havzi nav” mahallasi masʼullarining ish faoliyati namuna qilib ko‘rsatilib, o‘zaro tajriba almashinuvi uchun ayni muddao bo‘ldi.
Tadbirda Buxoro shahar hududidagi 65 ta mahallalardan 70 dan ortiq o‘zaro nizoli, ajrim yoqasiga kelgan hamda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj biroq, kasb-hunar egallash va o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xotin-qizlar va yoshi ulug‘, uzoq yillik namunali hayot tajribasiga ega nuroniylar ishtirok etdi.
Qizg‘in o‘tkazilgan tadbir davomida viloyat IIB, Adliya, Bandlik boshqarmalari, FHDYO, Hunarmand uyushmasi, Xalq banki mutaxassislari va Buxoro davlat universiteti psixologlari tomonidan xotin-qizlarning mavjud muammo va takliflari atroflicha o‘rganilib, ularga har tomonlama huquqiy va psixologik maslahatlar berildi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi JXXD HPX boshlig‘i polkovnik Baxtiyor Berdialiyev so‘z olib, oila totuvligi, farzand tarbiyasidagi asosiy masʼuliyat onaning zimmasiga tushar ekan, buning uchun eng avvalo xotin-qizlarni ilmu maʼrifatga yo‘naltirish, kasb-hunarga o‘rgatish muhim ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan 3-sektorga qarashli “Havzi nav” mahallasida istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan hunarmandchilik va ishlab chiqarish mahsulotlari ko‘rgazmasi yig‘ilganlarda tashabbuskorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida o‘rnak bo‘lgani bilan samarali bo‘ldi.
Mazkur tadbir mobaynida ajrim yoqasidagi 4 ta oila yarashtirilib, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 nafar xotin-qizga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi va 8 nafar ayolning bandligi taʼminlandi.
Yakunda viloyat IIB JXX HPB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i hamda Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i ishtirokida bir qator namunali oilalar vakillariga joriy yil davomida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida yaratilgan qulay imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘zi va oilasining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yana-da yaxshilanishi borasida faolligi va tashabbuskorligi uchun viloyat IIB boshlig‘i hamda viloyat hokimi o‘rinbosarining tashakkurnomasi va viloyat Hunarmand uyushmasi tomonidan 15-oktyabr — “Qishloq ayollari kuni” munosabati bilan diplomlar ham topshirildi.