18 Iyul 2024 yil 1254

"Buxoro tajribasi" asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchilida sektor rahbarlari tomonidan hududlarda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning

Xabaringiz bor, Buxoro viloyatida mahallalarda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari tomonidan keng muhokama qilish bo‘yicha "Buxoro tajribasi" yaratilgan.

G‘ijduvon tumani hokimligi majlislar zalidan turib videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada ham Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar) larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.

Tanqidiy tarzda o‘tgan muhokamada, G‘ijduvon tumanining “Paxtaobod” hamda Qorovulbozor tumanining “Tinchlik” mahallalarida sodir etilgan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil bo‘layotgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, bu kabi jinoyatlarni oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

Qizil toifaga kirgan ushbu ikki mahalla masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, "“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida"gi 10-sonli qo‘shma qaror doirasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullarning yo‘l qo‘ygan kamchiliklari birma bir tanqidiy tahlil qilindi.

Jarayonda, muhokamaga qo‘yilgan ushbu mahallalar masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

So‘zga chiqqan viloyat IIB boshlig‘i Ikromjon Tursunov, viloyatda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar xususida so‘z yuritib, kelgusida bu turdagi jinoyatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida, barcha mahallalarda “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab, birinchi galda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy profilaktik tadbirlar yuzasidan o‘zining bir qator tavsiyalarini berdi.

Navbatdagi so‘zga chiqqan viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov sektor rahbarlari, taalluqli idoralar masʼullari hamda mahallalar yettilik vakillarining faoliyatidagi o‘zaro munosabatlarda bir birini bog‘lovchi zanjirning uzilganligi, hamkorlikning yo‘qligi yoki yetarli darajada tashkil etilmaganligi natijasida mahallalarda og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilayotganligini aytib, o‘z xizmat vazifalarini bajarishda sansolarlikka va loqaydlikka yo‘l qo‘ygan har bir masʼul mansabdor shaxsga nisbatan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirdi.

Muhokama yakunida viloyat hokimi tomonidan barcha darajadagi rahbarlar, mahalla yettilik vakillariga har bir ko‘cha, qishloq, ovul va aholi punktlaridagi har qanday muammoli oilalarni o‘z vaqtida aniqlash, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyada yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar, probatsiya xizmati nazorati ostida turgan, shuningdek, ruhiy asab hamda narkologiya dispanseri ro‘yxatida turgan, oilaviy zo‘ravonlikka uchragan shaxslar bilan manzilli ishlash borasida hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar birgalikda manzilli ish olib borishlari yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.

Buxoro tajribasi asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatlarning bu kabi “mahallabay” muhokamasi barcha hududlarda tizimli ravishda amalga oshiriladi.

Text to speech