25 Noyabr 2024 yil 2000

"Buxoro tajribasi" asosida jinoyatlarning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi o‘tkazildi

Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, viloyatimiz miqyosida sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari tomonidan tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha "Buxoro tajribasi" yaratilgan.

Bugun ham Buxoro viloyati hokimligidan turib videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tkazilgan navbatdagi jinoyatchilikning “mahallabay” muhokamasida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar) larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan mazkur muhokama yig‘ilishida, Buxoro tumanining “Yangiobod”, Shofirkon tumaning “Temirchi”, Qorako‘l tumanining "Quyi Yangibozor" mahallalarida vujudga kelgan kriminogen vaziyat, bu hududlarda sodir etilgan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

Kriminogen vaziyati og‘irlashgan ushbu mahallalar masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, "Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida"gi 10-sonli qo‘shma qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglanib, masʼullarning yo‘l qo‘ygan tizimli kamchiliklari tanqidiy tahlil qilindi.

Jarayonda, muhokamaga qo‘yilgan ushbu mahallalar masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Shuningek, muhokama jarayonida:

-viloyatdagi barcha mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikka barham berish;

- oila turmush sohasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish borasidagi manzilli ishlarni jadallashtirish;

- ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;

- o‘g‘irlik, firibgarlik, shu jumladan kiberjinoyatilarni oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini manzilli o‘tkazish;

-jamoat hamda yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash;

-“qizil” va “sariq” mahallalarda manzilli ishlarni olib borib,“yashil” toifali mahallalar sonini oshirish;

-aholining qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalaridan foydalanish madaniyatini oshirish orqali energetika tarmoqlaridagi yuklamalarni yengillashtirish, avariyalarning oldini olish, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlarni pasaytirish, eng muhimi ekologik toza, “yashil” energiyaga o‘tish ya'ni quyosh panellarini o'rnatish jarayonini faollashtirish;

-kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi ehtiyojidan kelib chiqib, qo‘shimcha talab etilgan suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isi bilan taʼminlash;

-"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida hududlarni obodonlashtirib ko‘kalamzorlashtirish, yangi bog‘larni yaratish borasida ham masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Buxoro tajribasi asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatchilikning “Mahallabay” muhokamasi barcha hududlarda tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Text to speech