5 Avgust 2024 yil 1984

"Buxoro tajribasi" asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida hududlarda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi o‘tkazildi

Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, viloyatimizning mahallalarida sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari tomonidan tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha "Buxoro tajribasi" yaratilgan.

Bugun, joriy yilning 5 avgust kuni Buxoro viloyati hokimligidan turib videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tkazilgan navbatdagi jinotchilikning “mahallabay” muhokamasida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar) larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari, shuningdek, Buxoro shahri va G‘ijduvon tumanlarining mahallalariga biriktirilgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlarining rahbarlari ishtirok etishdi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan mazkur muhokama yig‘ilishida, Buxoro shahrining Bahovuddin Naqshband, Buxoro tumanining Rabotak, G‘ijduvon tumanining  Taxtaxon, Peshku tumanining Chibag‘oni hamda Kogon shahrining Arabxona mahallalarida  sodir etilgan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularga omil bo‘layotgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, bu turdagi jinoyatlarni oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

Kriminogen vaziyati og‘irlashgan ushbu mahallalar masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, "Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida"gi 10-sonli qo‘shma qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglanib, masʼullarning yo‘l qo‘ygan tizimli kamchiliklari birma bir tanqidiy tahlil qilindi.

Jarayonda, muhokamaga qo‘yilgan ushbu mahallalar masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

So‘zga chiqqan viloyat IIB boshlig‘i Ikromjon Tursunov, Prezidentimizning 2017 yil 14 martdagi “Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlik profilaktikasi tizimini yana-da takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2833-sonli qarori asosida tashkil etilgan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi subyektlarining yarim yillik ish faoliyatini tanqidiy tahlillar asosida muhokamaga qo‘yib, hisobot davrida qayd etilgan jinoyatlar, ayniqsa oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning sodir etilishiga imkon bergan har bir holatda komissiyaga aʼzo idoralar masʼullarining javobgarlik masalasini kuchaytirish borasida o‘zining bir qator taklif hamda tavsiyalarini bildirib o‘tdi.

Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘i tomonidan mazkur idoralararo komissiya" subyektlarining hamkorlikdagi faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha yaratilgan yangi tizim, Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan muvofiqlashtirish shtabi faoliyati yuzasidan axborot berdi.

Viloyatda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar, ayniqsa, oila-turmush sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar xususida ham so‘z yuritib, kelgusida bunday holatlarni oldini olish maqsadida, mulkchlik shaklidan qatʼiy nazar barcha korxona, tashkilot, muassasalar, mahallalar hamda xonadonlarda  “Fuqarobay” tizim asosida manzilli ishlarni olib borish, amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab, birinchi galdagi vazifalar yuzasidan o‘zining bir qator ko‘rsatmalarini berdi.

Boshqarma boshlig‘i so‘zining davomida voyaga yetmaganlar, yoshlar hamda xotin-qizlar jinoyatchiligiga ham alohida to‘xtalib, jarayonda, surunkali spirtli ichimlik ichishga va giyohvandlikka ruju qo‘ygan, ruhiy asab kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turuvchi shaxslar bilan olib borilishi lozim bo‘lgan manzilli ishlarda idoralararo komissiya subyektlarining hamkorlikdagi dolzarb vazifalari bo‘yicha o‘zining bir qator takliflarini bildirib o‘tdi.

Navbatdagi so‘zga chiqqan viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov sektor rahbarlari, taalluqli idoralar masʼullari, nuroniylar, mahalla faollari hamda mahallalar yettilik vakillarining faoliyatidagi o‘zaro munosabatlarda bir birini bog‘lovchi zanjirning uzilganligi, hamkorlikning yo‘qligi yoki yetarli darajada tashkil etilmaganligi, o‘ziga yuklatilgan vazifalarning lozim darajada bajarilmaganligi oqibatida mahallalarda og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilayotganligini taʼkidlab, ushbu jinoyatlarning sabablarini chuqur o‘rganib, o‘z xizmat vazifalarini bajarishda masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan har bir masʼul mansabdor shaxsning hatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi, har bir qonunbuzilish holati bo‘yicha javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanishini taʼkidladi.

Muhokama yakunida viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan sektor rahbarlari, idoralararo komissiya subyektlari bo‘lgan barcha darajadagi tashkilotlar rahbarlari, mahalla yettilik vakillariga har bir ko‘cha, qishloq, ovul va aholi punktlaridagi muammoli oilalarni o‘z vaqtida aniqlash, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyada yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar, probatsiya nazorati ostida turgan, shuningdek, ruhiy asab hamda narkologiya dispanseri ro‘yxatida turgan, oilaviy zo‘ravonlikka uchragan shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi hamkorlikda vazifalar yuzasidan o‘zining ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.

Buxoro tajribasi asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatlarning “mahallabay” muhokamasi barcha hududlarda tizimli ravishda amalga oshiriladi.

Text to speech