"Buxoro tajribasi" asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi o‘tkazildi
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, viloyatimiz miqyosida sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari tomonidan tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha "Buxoro tajribasi" yaratilgan.
Bugun ham viloyat hokimligidan turib Videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tkazilgan navbatdagi jinoyatchilikning "mahallabay" muhokamasida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar) larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.
Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan mazkur yig‘ilishda, Peshku tumanining Navgahon hamda Jondor tumanining Qozikenti mahallalarida vujudga kelgan kriminogen vaziyat muhokama qilindi.
Jarayonda so‘zga chiqqan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ikromjon Tursunov ushbu hududlarda sodir etilgan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir aytib o‘tib, kriminogen vaziyati og‘irlashgan ushbu mahalla masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, "Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallada xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida"gi 10-sonli qo‘shma qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari ham tinglanib, mutasaddi idoralar masʼullari, mahalla yettilik vakillari tomonidan yo‘l qo‘yilgan tizimli kamchiliklarni tanqidiy tahlil qildi.
Shuningdek, ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar xususida o‘zining qator tavsiya hamda topshiriqlarini berdi.
Shu bilan birga aholi muammolarini o‘rganish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy himoya reyestri hamda 54 toifaga kirgan shaxslar, ayniqsa migratsiyaga ketgan yoki qaytib kelgan fuqarolar, ularning oila aʼzolari, ajrim yoqasiga kelib qolgan, sudlarda nizolashayotgan va boshqa muammoli oilalar bilan manzilli ishlash, bunda har bir mutasaddi idoraning masʼullari o‘zlariga yuklangan vazifani lozim darajada bajarishi kerakligi taʼkidlanib, mahallalarda ishni to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan o‘zining tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan muhokamaga qo‘yilgan ushbu mahallalar masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbarlari va bir qator tizimli kamchilikka yo‘l qo‘ygan boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari qabul qilindi.
Muhokama yig‘ilishi davomida viloyat hududida kiberjinoyatchilikni oldini olish, fuqarolar ongida kibergigiyena tushunchasini singdirish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish borasida huquq-tartibot organlari va boshqa taalluqli tashkilotlar vakillarining hamkorlikda amalga oshiradigan keng qamrovli chora-tadbirlari belgilab olindi.
Jumladan, har bir korxona,tashkilot va muassasa rahbarlari tomonidan qo‘l ostidagi xodimlarning kiberjinoyat qurboniga aylanib qolishlarini oldini olishga qaratilgan o‘z targ‘ibot dasturlarini amalga oshirishlari, bank muassasalari esa mijozlarining kiberjinoyatlardan himoyalanishini taʼminlashga qaratilgan individual dasturlarini ishga tushirishlari lozimligi taʼkidlandi.
Bugungi kunda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi negizida “Qalqon” videokuzatuv markazi tashkil etilayotgani, hozirda ushbu markazni takomillashtirish yuzasidan manzilli ishlar olib borilayotganligi to‘g‘risida maʼlumot berilib, barcha mutasaddilar hamda mahalla masʼullaridan, hududlarda, ko‘chalarda, korxona, tashkilot va muassasalarda o‘rnatilgan mavjud kameralarni taftishdan o‘tkazish, texnik jihatdan eskirgan, nosoz holga kelganlarini zamonaviy kameralarga almashtirish, hamda qo‘shimcha ravishda videokuzatuv markazining texnik ko‘rsatgichlariga mos parametrlarga ega bo‘lgan kameralarni o‘rnatish va markazga integratsiya qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, manzilli ishlarni tashkil etish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari 2025 yil "Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili" doirasida ishlab chiqilgan Davlat dasturi doirasida mahallalarda muqobil energiya manbalarini o‘rnatishga doir manzilli targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, bunda "mahallabay“,” xonadonbay" va "fuqarobay", korxona, tashkilot va muassasalarda esa "xodimbay" tartibda quyosh panellarini o‘rnatishning afzalliklari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borib, natijadorlikka erishish yo‘llari belgilab berildi.
Buxoro tajribasi asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatchilikning "mahallabay" muhokamasi barcha hududlarda tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.