23 Sentyabr 2024 yil 1296

"Buxoro tajribasi" asosida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida Kogon shahar "Bobur" mahallasi jinoyatchiligining "Mahallabay" muhokamasi o‘tkazildi

Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, viloyatimiz miqyosida sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari tomonidan tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha "Buxoro tajribasi" yaratilgan.

Bugun ham Buxoro viloyati hokimligidan turib videokonferensaloqa tizimi asosida o‘tkazilgan navbatdagi jinoyatchilikning "Mahallabay" muhokamasida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari masʼullari, tuman (shahar) larning sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari, 544 ta mahallalar yettilik vakillari ishtirok etishdi.

Tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tgan mazkur muhokama yig‘ilishida, Kogon shahrining Bobur mahallasida vujudga kelgan kriminogen vaziyat, bu hududda sodir etilgan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatning kelib chiqish sabablari, unga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

Kriminogen vaziyati og‘irlashgan ushbu mahalla masʼullarining hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, "Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida"gi 10-sonli qo‘shma qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglanib, masʼullarning yo‘l qo‘ygan tizimli kamchiliklari tanqidiy tahlil qilindi.

Jarayonda, muhokamaga qo‘yilgan ushbu mahalla masʼullariga, shuningdek, hududiy sektor rahbari va boshqa mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Buxoro tajribasi asosida viloyat sektor rahbarlari tomonidan jinoyatchilikning "Mahallabay" muhokamasi barcha hududlarda tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Text to speech