Buxoro: Tinchlik posbonlari ishtirokida zakovat intellektual o‘yinlarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
Bilim va zakovat insonning eng sodiq do‘stidir. Maʼnaviy komillikning asosini bilim tashkil etsa, zakovat bu bilim charxi. Zakovatli bo‘lish esa maʼnan yetuklik deganidir. Bu sifatlar bugungi kun Ichki ishlar organlari xodimi uchun zarur jihatlar sanaladi. Joylarda bo‘lib o‘tayotgan zakovat o‘yinlari ishtirokchilarning bilim salohiyatini oshirish bilan birga ish faoliyatlarida ham as qotishi shubhasiz.
Ichki ishlar organlarida keng miqyosda o‘tkazilayotgan “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida ham xodimlarda zukkolik, tezkor qarorlar qabul qilish, guruh bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini yuksaltirishga qaratilgan intellektni rivojlantiruvchi bellashuvlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, bugun, 24 sentyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi shahar va tumanlar jamoalarini qamrab oldi.
Xodimlarning jangovar tayyorgarligi emas maʼnaviy salohiyati sinovdan o‘tgan qizg‘in bahs va munozaralarga boy o‘tgan o‘yinlar yakuniy natijalariga ko‘ra, G‘ijduvon tumani IIB jamoasi 3-o‘rinni, Qorako‘l tumani IIB jamoasi 2-o‘rinni hamda viloyat IIB jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘olib jamoalar boshqarma boshlig‘ining diplom va esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan munosib rag‘batlantirildi.
Taqdirlash marosimida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Umid Utayev Ichki ishlar organlari xodimlari orasida bunday bilim bellashuvlarini o‘tkazish ularni ham ruhan ham maʼnan toblaydi deya taʼkidlar ekan, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarni yana bir bor samimiy qutladi.