Buxoro tumanida yana bir huquq-tartibot maskani o‘z faoliyatini boshlamoqda
Xabaringiz bor, joriy yilning 14-17 oktyabr kunlari Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib bordi.
Ishchi guruh vakillari viloyatning barcha tuman-shaharlarida bo‘lib, jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosi, barcha turdagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, “Xavfsiz va ravon yo‘l” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi.
O‘rganish yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan tanqidiy ruhdagi yig‘ilishda, mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida har bir tuman-shahar IIB boshliqlari va mazkur hududlarga biriktirilgan viloyat IIB rahbar xodimlariga joylardagi vaziyatni chuqur tahlil qilish asosida, jinoyatchilikni jilovlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Buxoro tumanining kriminogen vaziyati og‘ir deya hisoblangan hududida joylashgan 5 ta mahalla, ya’ni “Rabotiqalmoq”, “Arabxona”, “Madaniyatrabot”, “Podshoxi” va “Decha” mahallalariga xizmat ko‘rsatuvchi huquq-tartibot maskanini tashkil etish, ushbu maskan uchun bino ajratib uni zamonaviy tipda ta’mirlash va qulay shart-sharoitlar yaratish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Mazkur tashabbus respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Bugun, 17-noyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliev, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda tuman mutasaddi rahbarlari bilan birgalikda zamonaviy loyiha asosida qayta rekonstruksiya qilinayotgan tuman “Rabotiqalmoq” Huquq-tartibot maskanida amalga oshirilayotgan so‘nggi ta’mirlash, pardozlash va jihozlash ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.
Jarayonda boshqarma boshlig‘i, mazkur binoning ta’mirlanishi, pardozlash va jihozlash ishlarining belgilangan grafik hamda sifat tamoyillariga rioya qilgan holda olib borilishi, zaruriy texnika hamda boshqa vositalar bilan bog‘liq vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga qator topshiriqlar berib, bino va uning atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini olib borish, zamonaviy kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish borasida o‘z tavsiyalarini berdi.