20 May 2025 yil 1271

Buxoro tumanida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarni jinoyatlardan holi hududga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlar joyiga chiqib o‘rganildi

Rasmiy sahifalarimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar hududlarda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Qarori ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqib o‘rganmoqda.

Navbatdagi o‘rganishlar manzili Buxoro tumani bo‘ldi.

Buxoro tumani viloyatimiz markazining atrofi bo‘ylab joylashgan, hududiy joylashuvi va kriminogen vaziyati jihatidan bir muncha murakkab tumanlardan biri hisoblanadi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limiga yetib kelgan masʼullar dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2025 yil 3 aprel kunidagi “Ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash va ular o‘rtasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida” gi 182-sonli buyrug‘i talablari asosida tuman IIB rahbar xodimlariga biriktirilgan belgilangan toifadagi yoshlar muammolarini o‘rganishdan boshlashdi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ularning murojaatlari, muammolari, fikr mulohazalari, taklif hamda tashabbuslari eshitilib, har biri bo‘yicha mutasaddilarga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berilib ijrosi alohida nazoratga olindi.

Jarayonda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, qonunlarga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash,  ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish, turli jinoiy tajovuzlardan, yot g‘oyalardan asrash borasida ham tushuntirishlar berilib, bir qator masalalari  shu joyning o‘zida hal etildi.

Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismida bo‘lgan boshqarma boshlig‘i “E-material” elektron platformasiga kelib tushayotgan kundalik materiallar, ularni ko‘rib chiqish hamda qonuniy qarorlar qabul qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, platformaning qulayliklari, imkoniyatlarini birma-bir tahlil qilib, mavjud va yechimini kutayotgan bir qator muammolarni o‘rganib, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlar belgilab berildi.

Keyingi manzil “sariq toifaga” kiritilgan “Rabotak” mahallasi bo‘ldi. Bu yerda yettilik bilan uchrashib, Davlatimiz rahbariningPQ-1-son Qarori bilan belgilab berilgan vazifalarning ijrosi, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, “Raqamlashgan, obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Muloqot davomida mahallada mavjud muammolar ham birma-bir muhokama qilinib, bir qator masalalar yechimiga doir aniq ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, bugungi kunda “Buxoro tajribasi” asosida profilaktika katta inspektorlarining xizmat faoliyatida foydalanish uchun berilgan uchuvchisiz apparat (drondan) lardan foydalanish amaliyoti, dastlabki natijalar, ushbu qurilmaning afzalliklari va mavjud muammolar ham yaqindan o‘rganildi. Ushbu zamonaviy texnologiyaning jinoyatchilikka qarshi kurashda, jamoat xavfsizligini taʼminlash va profilaktik tadbirlarda samarali vosita ekanligi alohida taʼkidlandi.

O‘rganishlar yakunida odatdagidek, tuman hokimligida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Bunda joriy yilning 22-29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan yakuniy yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi.

Tanqidiy-tahliliy, ochiq va konstruktiv tarzda o‘tgan yig‘ilishda, sohaviy xizmatlar masʼullarining hisobotlari tinglandi.

Jarayonda, tumanda joriy yilning bugungi kuniga qadar qayd etilgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart sharoitlar, jinoyatlarning turlari, sodir etgan shaxslarning toifalari kesimida chuqur tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Yakunda, bir qator ish ko‘rsatgichlari past xodimlarni intizomiy jazolash, 10 nafarga yaqin yuqori natija qayd etgan xodimlarni rag‘batlantirish yuzasidan qarorlar qabul qilinib, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunbuzarliklarni oldini olishga doir profilaktik ogohlantiruv va tushuntirish ishlari ham olib borildi.

O‘rganish va yakuniy yig‘ilish davomida aniqlangan har bir masala hamda muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berilib ijrosini taʼminlash alohida nazoratga olindi.

Bu kabi o‘rganishlar davom ettiriladi.

Text to speech