14 Iyun 2022 yil 624

Buxoro tumanining “Rabotak” mahallasi hamda huquq tartibot maskani yangi binoda o‘z ish faoliyatini boshladi

Mahallalarda aholiga qulay shart sharoitlar yaratish, xizmat ko‘rsatish tezkorligi va sifatini yaxshilash, aholining muammolari va murojaatlari bilan ishlash tizimini soddalashtirish hamda takomillashtirish, mahalla masʼullarining ish natijalarini kundalik monitoring qilib borish, bunda zamonaviy hamda innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu maqsadda viloyatimiz bo‘ylab qator mahallalarda zamonaviy loyihalar asosida mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar qurib foydalanishga topshirilmoqda.

Jumladan, bugun, 14 iyun kuni ham Buxoro tumani “Rabotak” mahallasi va Huquq-tartibot maskanining yangi bino qurib foydalanishga topshirildi. Ushbu maskanda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, shuningdek tashkil etilgan huquq-tartibot maskanida profilaktika inspektori, surishtiruvchi, tezkor va saf bo‘linmalari xodimlari alohida zamonaviy va qulay xizmat xonalari ajratilgan bo‘lib, zaruriy barcha sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, maskanda 1000 dan ortiq turli badiiy va publitsistik adabiyotlarni o‘zida jamlagan kutubxona ham tashkil etilgan bo‘lib, aholi orasida kitobxonlikni rivojlantirish hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka barham berishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu o‘rinda, aytish joizki ushbu mahallada 2021 yil davomida jami 5 ta va joriy 2022 yilning hozirgi kuniga qadar 3 ta jinoiy holatlar sodir etilganligi, mahallaning qizil hududga kirishiga sabab bo‘lgan.

Shu bois mazkur mahallada huquq tartibot maskanining tashkil etilishi, mahallani jinoyatlardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi albatta.

Maskanning tantanali ochilish marosimida viloyat prokurori , Ichki ishlar, Soliq hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash boshqarmasi boshliqlari, tuman hokimi va sektor rahbarlari, boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Maʼlumot o‘rnida: Mazkur mahalla 26 yil ilgari tashkil topgan bo‘lib, unda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun alohida bino bo‘lmagani bois, ilgari ushbu mahalla masʼullari hududda joylashgan maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida, keyinchalik esa 1-sektor shtabi binosida vaqtinchalik faoliyat yuritib kelgan.

Bugun foydalanishga topshirilgan mahalla va uning tarkibidagi huquq-tartibot maskani binosi mahalla aholisi uchun yana-da qulaylik olib kelgan, fuqarolarning og‘irini yengil qiladigan himoya qo‘rg‘oni bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Text to speech