11 Avgust 2022 yil 725

Buxoro viloyat 3-sektor rahbari Kogon tumanida sayyor qabul o‘tkazdi

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, viloyat hokimi va Xalq qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan reja asosida bugun, 11 avgust kuni Kogon tumani “Sorg‘un” mahallasi aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat va tuman 3-sektor ishchi guruhi aʼzolari, boshqa taalluqli idoralar masʼullari ishtirok etdilar.

Qabulda ko‘tarilgan 10 dan ortiq fuqarolarning 20 ga yaqin ichimlik suvi, ichki yo‘llarni shag‘allashtirish va suyultirilgan gaz taʼminotini yaxshilash, mahalla yoshlarini sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish, qishloqning taʼmirlangan ichki yo‘lida tezlikni cheklovchi yo‘l belgilarini o‘rnatish, mahallani simli internet tarmog‘iga ulash, imtiyozli kredit mablag‘larini olishda amaliy yordam berish kabi turli ijtimoiy-iqtisodiy murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallada “sohabay”, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar masʼullariga topshiriqlar berildi.

Ish yurituviga olingan, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olinib, mutasaddilarga har bir yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Boshqarma boshlig‘i aholi bilan muloqotda bildirilgan taklif va mulohazalar, ko‘tarilgan muammolar asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, asosan “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga kirgan, shuningdek ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Sayyor qabulda ishtirok etgan mahalla faollari prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi isbotini o‘z hayotlarida, mahallada amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarida ham his etganliklari uchun mutasaddilarga mamnunlik bilan minnatdorlik bildirishdi.

Text to speech