Buxoro viloyat 3-sektor rahbari “Oytug‘di” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi
Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, viloyat hokimi va Xalq qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan reja asosida bugun, 16-iyun kuni Jondor tumani “Oytug‘di” mahallasida joylashgan 2-sonli Kasb-hunar maktabi binosida sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat va tuman 3-sektor ishchi guruhi aʼzolari, boshqa mutasaddi idoralar masʼullari, ushbu mahalla hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi ishtirok etdilar.
Qabulda ko‘tarilgan har bir masala mutasaddi tashkilotlar masʼullari ishtirokida aholi uy-joy infratuzilmasini yaxshilash, oqar suv va ichimlik suvi bilan taʼminlash, elektr energiyasi taʼminoti hamda yo‘l qurilishi, ayniqsa ko‘chalarga shag‘al yotqizish hamda moddiy yordam ko‘rsatish kabi 15 ga yaqin fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallada “sohabay”, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar masʼullariga topshiriqlar berildi.
Ish yurituviga olingan, qo‘shimcha tekshirish talab qiladigan murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olinib, mutasaddilarga har bir yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qisqasi, aholi bilan muloqotda bildirilgan taklif va mulohazalar, ko‘tarilgan muammolar asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilashga oid choralar belgilab olindi.