Buxoro viloyati 3-sektor rahbarining manzilli ishlari davom ettirilmoqda
Ob-havoning keskin o‘zgarishi tufayli kommunal tizim va boshqa sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida o‘rganish va bartaraf etish maqsadida Buxoro viloyati IIB boshlig‘i Shuxrat Aliyev viloyatning 3-sektoriga qarashli Vobkent tumani IIB binosida tashkil etilgan tezkor shtab orqali amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi.
Anomal sovuq paytida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan taʼminlash, ayniqsa, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni bartaraf etish, bozorlardagi narx-navoning barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanish borasida kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganib, aniqlangan muammolarni zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha mas'ullarga aniq vazifalar belgilab berdi.
Jumladan, viloyat 3-sektor rahbari hududiy mas'ullar ishtirokida Vobkent tuman markaziy shifoxonasida bo‘lib, tibbiyot muassasasining sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlashini taʼminlash, ayniqsa, isitish tizimlari holatini o‘rgandi.
Masʼullarga energo tizimni barqaror ishlashini doimiy nazorat qilib borish, bunda texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilish, bemorlarning yaqinlari uchun yozgi va qishki kutish uchun joylar hozirlash, reanimatsion birinchi yordam uchun zarur qo‘shimcha apparatlar xarid qilish bo‘yicha takliflarini berdi.
Navbatdagi manzil Vobkent tumani dehqon bozori bo‘ldi. Bu erda sotuvchilar bilan suhbatlashib, savdo, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, ayniqsa, narx-navoni sunʼiy oshirib yubormaslik, shuningdek, oziq-ovqat maxsulotlari saqlanayotgan omborlarda iliq va salqin haroratni bir maromda saqlash borasida asosli tavsiyalar berildi.
Aholini kelasi pishiqchilik mavsumiga qadar sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, ehtiyoj mollarining qo‘shimcha zahirasini yaratish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyevning viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari, shuningdek, qolgan barcha shahar va tumanlar 3-sektoriga qarashli mahallalardagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.