Buxoro viloyati 3-sektor rahbarining kommunal tizim va boshqa sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan manzilli o‘rganishlari davom ettirilmoqda
Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev G‘ijduvon tumanida kuz qish mavsumini betalafot o‘tkazishga doir muammolarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan tashkil etilgan ishlarni o‘rgandi.
Jumladan, u hududiy masʼullar ishtirokida G‘ijduvon tuman markaziy dehqon bozorida bo‘ldi. Bu erda sotuvchilar bilan suhbatlashib, savdo, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi, narx-navoni sunʼiy oshirib yubormaslik yuzasidan tushuntirish berib, oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan omborlarda iliq va salqin haroratni bir maromda saqlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi va o‘zining bir qator tavsiyalarini berdi.
Aholini kelasi pishiqchilik mavsumiga qadar sifatli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, ehtiyoj mollarining qo‘shimcha zaxirasini yaratish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar yukladi.
Shuningdek, G‘ijduvon tumani markazida tashkil qilingan ko‘mir tarqatish shoxobchasi faoliyati ham o‘rganildi. Bu yerda mavsum uchun yaratilgan zahira manbai ko‘zdan kechirilib, tumanning ehtiyojmand 201 ta xonadoniga "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan 200kg.dan ko‘mir mahsuloti tarqatildi.
Shuningdek viloyat 3-sektor rahbari tumandagi ijtimoiy obyektlarning sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlashini taʼminlash, ayniqsa, isitish tizimlari holatini o‘rgandi.
Masʼullarga energo tizimni barqaror ishlashini doimiy nazorat qilib borish, bunda texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilish bo‘yicha takliflarini berdi.
Boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyevning viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari, shuningdek, qolgan barcha shahar va tumanlar 3-sektoriga qarashli mahallalardagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.