30 Yanvar 2023 yil 586

Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tomonidan 2022-yil davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sarhisob qilindi

Bugun, joriy yilning 30-yanvar kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, uning quyi tizimlari, sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlari tomonidan o‘tgan hisobot yilida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shaxsiy tarkibni o‘qitish va malakasini oshirish, tarbiyalash, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash, tizimda ijro va xizmat intizomi hamda qonuniylikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining barcha o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Tadbir avvalida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tashkiliy boshqarma boshlig‘i Azim Bozorov tomonidan 2022-yil davomida viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan batafsil axborot berildi.

Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda, 2022-yil davomida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi xususida sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) IIB boshliqlari va boshqa masʼullarning ham hisobotlari tinglandi.

Hisobotlar tinglanib, muhokama natijalariga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelgan ayrim rahbar va xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.

Shundan so‘ng 2022-yilda – Buxoro viloyatida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan yangi loyihalar, kuch vositalar, moddiy-texnik bazani yaxshilash bo‘yicha tayyorlangan takliflar muhokama qilindi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bildirilgan taklif hamda mulohazalarga nisbatan o‘zining tavsiyalarini berib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish, fuqarolar xavfsizligi hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Birinchi navbatda har bir ichki ishlar organi xodimining o‘zi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatiga va xalqiga sadoqatli bo‘lishi lozimligi yana bir bor taʼkidlab o‘tildi.

Boshqarma boshlig‘i yuqori va quyi tizim rahbarlariga, xodimlarning oilaviy sharoiti va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni tarbiyalashda ustoz-murabbiy anʼanalarini yana-da keng tatbiq etish, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.

2023-yilda Buxoro viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan tashkiliy tadbirlar rejasi va yo‘l xaritalarini yana bir bor sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, har bir yo‘nalish bo‘yicha barcha ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda ijroga qaratish lozimligi yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilish yakunida 2022-yil davomida xizmatdoshlariga shaxsiy namuna ko‘rsatib yuqori ko‘rsatgichlarga erishgan, maʼmuriy hududida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarda samarali mehnat qilgan, sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va issiq izida fosh etish borasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha bildirilgan takliflar qo‘llab quvvatlandi.

Yakunda yig‘ilish bayoni tuzilib, har bir bandi ijrosini taʼminlash bo‘yicha nazorat o‘rnatildi.

Text to speech