9 Fevral 2023 yil 501

Buxoro viloyati IIBda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy mushoira tashkil etildi

An’anaga aylangani kabi joriy yil fevral oyida ham ma’rifat ulug‘langan yurtimizda nazm va navo ayyomi sifatida 9-fevral — so‘z mulkining sultoni bo‘lmish, ulug‘ bobokalonimiz Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludi joylarda keng nishonlanmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ham ulug‘ so‘z san’atkori tavalludining 582 yilligi munosabati bilan "Navoiy asarlari bilimdoni" va "Eng yaxshi g‘azalxon xodim" kabi mavzularda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Bunda, ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan ayol xodimalar ishtirokida benazir shoirning hayoti va ijodi, turkiy va jahon xalqlari tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritildi.

Alisher Navoiyning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, ayniqsa yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Milliy maʼnaviyatimiz xazinasidan joy olgan Navoiyning durdona asarlarida yurtga muhabbat va sadoqat, insoniylik, xalqparvarlik, tinchlik va bag‘rikenglik, do‘stlik va bunyodkorlik g‘oyalarini tarannum etilgani eʼtirof qilindi.

Tadbirda ayol xodimalar tomonidan Alisher Navoiy siymosiga ehtirom ramzi sifatida uning ijod namunalaridan mumtoz g‘azal va ruboiylar yod aytildi.

Text to speech