Buxoro viloyati IIBda jinoyatchilik, ijro va xizmat intizomini mustahkamlash hamda kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik masalalariga doir muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Bugun, 16-dekabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida videoselektor tariqasida navbatdagi muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bunda tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari va hududiy ichki ishlar organlari masʼullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan quyidagi masalalar: jumladan joriy yilning o‘tgan 12 oyi 15 kunida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar hamda kelgusida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan choralar;
Shu bilan birga, jinoyat va hodisalar to‘g‘risidagi shakl-1, shakl-2 kitoblariga qayd etilgan ariza va xabarlar yuzasidan surishtiruv harakatlarini qisqa muddatlarda sifatli o‘tkazib, yakuniy qaror qabul qilish;
Tergov organlari ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlarini o‘tkazib, qisqa muddatlarda yakuniy qarorlar qabul qilish;
Jinoyat sodir etganlikda aybli deb topilib, qidiruv eʼlon qilingan shaxslarni ushlash yuzasidan tezkor profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;
Profilaktika inspektorlari hamda YHXX xodimlarining ish yurituvida bo‘lgan maʼmuriy ish materiallari bo‘yicha surishtiruv harakatlarini yakunlab, sud muhokamasiga yuborish choralarini ko‘rish;
Hududlarda kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlikning ahvoli, mavsumni betalafot o‘tkazish, aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazib, uyma-uy yurish orqali o‘rganish ishlarini amalga oshirish, jumladan aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish, mavsum davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarni oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish masalalari birma-bir muhokama qilindi.
Shuningdek, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokama yig‘ilishi davomida har bir ko‘rilgan masala yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglanib, tanqidiy tahlil qilindi.
Yakunda hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, har bir sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlarida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash, idoralararo tezkor shtablar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni yana-da kuchaytirish, bunda rahbar xodimlardan shaxsiy namuna ko‘rsatishlari talab qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.