Buxoro viloyati hududiy ichki ishlar organlari hisob qayd etish komissiyalarining ish faoliyati yuzasidan o‘rganishlar davom ettirilmoqda
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev kundalik ish reja asosida hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirish borasida o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Bugun, 24-avgust kuni boshqarma boshlig‘i Shuxrat Aliyev boshchiligidagi sohaviy xizmatlar rahbarlari Buxoro shahar IIO FMB 2-son Ichki ishlar bo‘limida bo‘lib, hisob qayd etish komissiyasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sohasidagi faoliyatni tanqidiy ko‘rib chiqdilar.
Bunda, boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar har bir xodim yurituvida bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ariza va xabarlar hamda boshqa turdagi murojaatlar yuzasidan surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda tergov materiallarini birma-bir ko‘zdan kechirdilar.
O‘rganish davomida ayrim yosh xodimlarning malakasizligi, o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining sansalorlikka yo‘l qo‘yishi oqibatida muddatlari buzilgan, belgilangan talab va tartib asosida ko‘rib chiqilmagan, sifatsiz surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan materiallar bo‘yicha masʼul xodimlarga tushuntirishlar berib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlangan tizimli kamchiliklar, ko‘rsatilgan amaliy yordam natijalari muhokama qilinib, bunda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sohasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xizmat va ijro intizomini mustahkamlash borasida masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi.
O‘rganish va amaliy yordamlar barcha hududiy ichki ishlar organlarida davom ettiriladi.