Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli Shofirkon tumanida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani tajribasi asosida "mahallabay" ishlashning yangicha tizimi amalga oshirilmoqda
Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli Shofirkon tumanida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani tajribasi misolida “mahallabay” ishlashning yangicha tizimi asosida aholi muammolari va hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganilmoqda. Ishchi guruh aʼzolari tuman hududini mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishishmoqda. Aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganilib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu jarayonda asosiy eʼtibor og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz, surunkali kasalliklarga chalingan va nogiron, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni qiynayotgan masalalar yechimiga qaratilmoqda.
Viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruh bevosita tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalar, jumladan chekka hududlardagi qishloqlarda bo‘lib, o‘sha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolar, xususan kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlikning ahvoli, mavsumni betalafot o‘tkazish, bunda ayniqsa aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, mavsum davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarni oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Tumanning 3 sektoriga qarashli 17 ta mahallalarning har birida bittadan jami 17 ta kichik ishchi guruhlarning kechayu kunduz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, uyma-uy yurish orqali bugungi kunga qadar 6.288 ta xonadonlar o‘rganildi. Bundan tashqari sektor hududidagi umumtaʼlim o‘rta maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, qishloq vrachlik punktlari va ijtimoiy dorixonalardagi holat to‘liq taftishdan o‘tkazilib, jarayonlarda 1.332 ta muammoli masalalar aniqlandi va ijobiy hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddilarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.
Amalga oshirilgan ishlar borasida aniq misollarga o‘tadigan bo‘lsak, “Denov” mahallasining 1 km hamda “Zarchabek” mahallasining 2 km yo‘llari asfaltlashtirdi. Shuningdek, “Denov”, “Nekkishi”, “Do‘rman”, “Temirchi” va “Shibirg‘on” mahallalari ichki yo‘llarining 5 km masofasi shag‘allashtirildi. Hududdagi taʼmirtalab ko‘priklar ham taʼmirlanmoqda.
Aholining tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolari mutaxassisilar tomonidan to‘liq o‘rganildi. Tabiiy gaz bilan taʼminlangan mahallalardagi gaz bosimining bir meʼyorda yetkazilishi, suyultirilgan gaz ballonlar bilan o‘z vaqtida taʼminlanishi, elektr taʼminotidagi uzilishlarning grafik asosida amalga oshirilishi alohida nazoratga olindi.
13 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aholiga bepul 513 tonna ko‘mir tarqatildi. Hududda tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik natijasida ambulator sharoitdagi bemorlar kerakli dori-darmonlar bilan taʼminlandi. Tibbiy muolajaga muhtoj 2 nafar fuqarolar davolanish uchun viloyat ko‘ptarmoqli shifoxonasiga joylashtirildi. Bundan tashqari, “Nekkishi” mahallasida yashovchi “Ayollar daftariga” kiritilgan 10 nafar xotin-qizlarga o‘zini-o‘zi band qilish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun tikuv mashinalari taqdim etildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu tizim markazdan tortib to eng uzoq qishlog‘u-ovullarda yashayotgan yurtdoshlarimizning hayotida o‘zining real natijasini ko‘rsatmoqda. Minglab oilalar turmushi, millionlab insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi o‘zgarishiga zamin hozirlamoqda.
Bu kabi ijobiy tajriba viloyatning 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon va Vobkent tumanlari hamda barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarda davom ettirilmoqda.