Buxoro viloyatining 3-sektoriga qarashli hududlarda oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilmoqda
Buxoro viloyati shahar-tuman 3-sektor rahbarlari tomonidan narx-navoni barqaror saqlash borasida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, savdo, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, ayniqsa, narx-navoni sunʼiy oshirib yubormaslik borasida qator targ‘ibot va tashviqot, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Sektorga qarashli 142 ta mahallalarda hamda olis hududlarda belgilangan grafik asosida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘chma yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Mazkur yarmarkalarda savdo peshtaxtalari go‘sht, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, shakar, o‘simlik yog‘i kabi 18 turdagi sifatli, arzon meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirildi. Narxlarning barqaror va hamyonbopligi aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Aholining talablari va ehtiyojiga qarab mahallalarda tashkil etilgan yarmarkada bir kunda qariyb 10,6 tonna kartoshka, 9,9 tonna piyoz, 2,1 tonna go‘sht, 459 fleyka tuxum, 3,7 tonna un, 1400 litr yog‘, 2,5 tonna shakar, 29,2 tonna ko‘mir, 48 tonna boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilingan.
Shuningdek, 3-sektorlarda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan hududlar bo‘ylab barcha dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalarining uzluksiz faoliyat yuritishi hamda talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning sunʼiy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli nazorat tadbirlari ham o‘tkazilmoqda.
Viloyatning 3-sektoriga qarashli mahallalarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari berilgan grafik asosida davom etadi.