9 Iyun 2025 yil 252

Buxoro viloyat hokimligida navbatdagi haftanoma ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, huquq-tartibot idoralari, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari hamda korxonalarning masʼul rahbarlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala — viloyatdagi jinoyatchilik holati, huquqbuzarliklar va profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash bo‘yicha manzilli ishlar va dolzarb vazifalarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Dastlab, 2025 yilning 5 oyi davomida Buxoro viloyatida qayd etilgan jinoyatlar hududlar kesimida tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishning navbatdagi dolzarb masalasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-sonli "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qaror ijrosini taʼminlash masalasi bo‘ldi. Mazkur Qaror doirasida mahallalarda yettilik vakillarining faoliyatini tubdan o‘zgartirish, jamoatchilik bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, "mahallabay" ishlash tizimini joriy etish hamda hududiy xavfsizlikni taʼminlash borasida belgilangan choralar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimini rivojlantirish to‘g‘risidagi 801-sonli Qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Bu qarorga asosan, har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, profilaktik tadbirlarning natijadorligini oshirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktik ishlarni kuchaytirish yuzasidan galdagi vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida Buxoro viloyatida 2025 yil 10 iyun kunidan 10 iyul kuniga qadar bir nechta maxsus, tezkor hamda profilaktik tadbirlarni o‘z ichiga olgan "Xavfsiz hudud dolzarb 30 kunlik" maxsus profilaktik tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, barcha huquq tartibot organlari hamda taalluqli idoralarning zimmasidagi vazifalar belgilab berildi.

Text to speech