13 May 2025 yil 592

Buxoro viloyatdagi bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida joriy yilgi mavsumga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari o‘rganildi

Joriy yilda viloyatda 143 ta statsionar va sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyat yuritishi hamda ularda 18 ming 435 nafar bolalarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Shundan, 11 ta statsionar oromgohlarda 7 ming 260 nafar, 132 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari (kunduzgi oromgoh) da 11 ming 410 nafar bolalar sog‘lomlashtiriladi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bolalar oromgohlarida bolajonlarning mazmunli va maroqli dam olishlarini tashkil etish borasida zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, bolalarning har tomonlama xavfsizligini taʼminlashga doir vazifalar belgilab berildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida bugundan boshlab viloyat hokimi boshchiligidagi masʼullar bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida o‘rganishlar olib borishmoqda.

Dastlabki manzil Buxoro tumanidagi “Yosh paxtakor” oromgohi bo‘ldi.

O‘rganishlar jarayonida oromgohga olib boruvchi asosiy yo‘lning 100 metr masofasiga yoritgichlar o‘rnatilmaganligi, oshxona va omborxonada, suzish havzasida tozalik ishlari bajarilmaganligi, sport maydonchalari holatiga eʼtibor qaratilmaganligi kabi qator kamchiliklar aniqlandi. Shuningdek, yong‘indan saqlash burchaklaridagi jihozlar yaroqsiz holga kelganligi keskin eʼtirozlarga sabab bo‘ldi.

Keyingi manzil Vobkent tumanidagi, “Imom Qozixon” mahallasi hududida joylashgan “Porloq kelajak” oromgohi bo‘ldi.

Ushbu muassasa 2017 yilda bunyod etilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 nafar bolalar dam olishlari uchun mo‘ljallangan.

Masʼullar oromgohga olib boruvchi asosiy yo‘lning 200 metr qismiga yoritish ustunlari o‘rnatilmaganligi, yotoq binosi kirish qismida oyoq kiyimlar joylashtirish uchun (stellaj) tokchalar yo‘qligiga eʼtibor qaratishdi.

Viloyat hokimi boshchiligida mutasaddilar Vobkent tumanidagi «Rozmoz» mahallasi hududida joylashgan “Quyosh nuri” bolalar oromgohida ham bo‘lishdi.

Jarayonda oromgohga olib boruvchi asosiy yo‘llarning 1,5 km yo‘lning yoritish ustunlari o‘rnatilmaganligi, tibbiyot bo‘limida dori-darmon va tayyor taom namunalarini saqlash uchun muzlatgich, dori-darmonlar uchun oynali javon hamda muolaja uchun tibbiy kushetka jihozlari mavjud emasligi va qizlarning shaxsiy gigiyenasi uchun alohida xona ajratilmaganligini jiddiy tanqid ostiga oliishdi.

G‘ijduvon tumani «Todon» mahalla fuqarolar yig‘inida 6,4 gektar yer maydonida joylashgan “Bolalar sayyorasi” oromgohi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1971 yilda bunyod etilgan.

Joriy mavsumda oromgohda tashkillashtiriladigan 5 ta smenada qariyb 1000 nafar o‘g‘il-qizni maroqli dam oldirish rejalashtirilgan. Buning uchun albatta, oromgohni mavsumga shay holga keltirish lozim.

Masʼullar o‘rganishlari davomida ayni shu masalaga eʼtibor qaratishdi.

O‘yin maydonchalari, dam olish xonalari, oshxona, yuvinish va boshqa xonalar ko‘zdan kechirildi. Shunga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Prezidentimizning o‘tgan yil 31 may – 1 iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi va viloyat faollari bilan uchrashuvi davomida Shofirkon tumanida zamonaviy bolalar yozgi oromgohini qurish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Shunga ko‘ra, hozirda “Xo‘ja Orif” mahallasi hududidan ajratilgan 7 gektar maydonda oromgoh qurish ishlari olib borilmoqda

Viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddilar Shofirkon tumanida bo‘lib, ushbu yozgi oromgoh qurilishini ko‘zdan kechirishdi.

Mazkur loyiha hududdagi bolalar va ularning oilalari uchun zamonaviy dam olish maskani yaratishni maqsad qilgan bo‘lib, umumiy qiymati 25 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ishchi guruh aʼzolari qurilishni jadallashtirish zarurligini taʼkidlab, bunda quruvchi tashkilot duch kelayotgan muammolar bilan qiziqib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berishdi.

Kun davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tuman va soha mutasaddilari faoliyatiga tanqidiy baho berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bu kabi o‘rganishlar Buxoro viloyati bo‘ylab davom etmoqda.

Text to speech