Buxoro viloyati 3-sektor masʼullarining Qorako‘l tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida 15 dan ortiq murojaatlar joyida ijobiy yechim topdi
Bugun, 21 sentyabr kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari MMI va KBTX boshlig‘i podpolkovnik Umid O‘tayev boshchiligida fuqarolar muammolari yechimiga bag‘ishlangan sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda, tuman IIB boshlig‘i Jamshid Rasulov, tuman hokimiyati vakillari, barcha korxona va tashkilotlar masʼullari va o‘z murojaatlariga yechim izlab kelgan 50 dan ortiq fuqarolar ishtirok etdilar.
Sayyor qabulda tuman 3-sektor hududiga kiruvchi mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning 25 ga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 15tasi shu yerning o‘zida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, muddat talab qiluvchi 7 ta murojaatlar nazoratga olindi. 3 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tumanning "Vaxim" mahallasida yashovchi Muslima Sultonova qabul davomida mahalla yo‘llarini shag‘allashtirish borasida murojaat yo‘lladi. Uning murojaati bo‘yicha mahallaning 700 metr ichki ko‘chalari shu kunning o‘zida shag‘allashtirildi.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Shonazar Jo‘rayev hamda To‘xtagul Sodiqovalar o‘z murojaatlarida yashash xonadonlari tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmaganligi sababli gaz ballon olishda amaliy yordam so‘rashdi. Ularning muammolari ham o‘sha vaqtning o‘zida ijobiy yechim topdi.
Qabulda ishtirok etgan tumanning "Chandirobod" mahallasida istiqomat qiluvchi Mirkamol Yog‘mirov "Yoshlar daftari" ro‘yxatida turadi. Unga murojaati asosida zamonaviy noutbuk taqdim etildi.
Shuningdek, qabul davomida 2 nafar fuqaroga subsidiya asosida inkubator apparati, 2 nafar fuqaroga tikuv mashinasi taqdim etilgan bo‘lsa, yana 2 nafariga o‘zini o‘zi band qilishi uchun imtiyozli kredit asosida mototsikl olib berildi.
Qabul davomida hudud ahlini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi.
Fuqarolarimizning muammolari yechimiga bag‘ishlangan bu kabi sayyor qabullar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham tasdiqlangan reja asosida davom etmoqda.