Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov o‘ziga biriktirilgan G‘ijduvon tumani Xalq deputatlari Kengashining chorak yakunlariga bag‘ishlangan sessiya ishida ishtirok etdi
Avval xabar berganimizdek, viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov, Prezidentimizning topshirig‘i asosida o‘ziga gorizontal boshqaruv asosida biriktirilgan tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yilning birinchi choragi davomida hududiy sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining hisobot yig‘ilishlarida ishtirok etib kelmoqda.
Xuddi shunday, bugun 21 may kuni, boshqarma boshlig‘i Ikromjon Tursunov navbatdagi G‘ijduvon tumani Xalq deputatlari Kengashining 121-sessiyasida hududiy sektor rahbarlarining hisobotlarini tingladi.
Bunda, to‘rtta sektor rahbari, xalq deputatlari tuman Kengashining deputatlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlarining masʼul rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Sessiya kun tartibiga qo‘yilgan masalalar, shu jumladan tumanda aholi bandligini taʼminlash, kam taʼminlangan oilalarni kambag‘allik darajasidan chiqarish, doimiy yashash manzillaridan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar bilan ishlash, tomorqadan foydalanish bo‘yicha Sayxunobod tajribasini joriy etish, aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish, ularning masʼuliyatini oshirish masalalari birma-bir muhokama qilindi.
Shuningdek, aholining yillar davomida bartaraf qilinmasdan kelayotgan muammolari, mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, murojaatlar bilan ishlash borasidagi oqsoqliklar, ularni har bir mahalla, tashkilot va yo‘nalish kesimida ajratib tahlil qilish va yechimi bo‘yicha manzilli chora tadbirlarni belgilash, mahalla yettiligi zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini kundalik nazorat qilish va masʼuliyatini oshirish borasida o‘zining bir qator taklif hamda tavsiyalarini berib, mahalliy deputatlarning ushbu jarayonda faol bo‘lishlarini so‘radi.
Konstruktiv tartibda o‘tgan sessiya ishida boshqarma boshlig‘i va mahalliy deputatlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilinib, ijroga qaratildi.