Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov gorizontal boshqaruv asosida o‘ziga biriktirilgan navbatdagi hudud Shofirkon tumanining Xalq deputatlari Kengashi 99-sessiyasida ishtirok etdi
Davlat rahbarining topshirig‘i asosida o‘tkazilgan mazkur sessiya ishida tuman hokimi va boshqa sektor rahbarlarining "Shofirkon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish" bo‘yicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Bunda, viloyat 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov, xalq deputatlari tuman Kengashining deputatlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlarining masʼul rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Sessiya kun tartibiga qo‘yilgan masalalar, shu jumladan tumanda aholi bandligini taʼminlash, kam taʼminlangan oilalarni kambag‘allik darajasidan chiqarish, doimiy yashash manzillaridan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar bilan ishlash, tomorqadan foydalanish bo‘yicha Sayxunobod tajribasini joriy etish, aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish, ularning masʼuliyatini oshirish masalalari birma-bir muhokama qilindi.
Shuningdek, aholi murojaatlari nisbatan yuqori bo‘lgan mahallalar, tashkilotlar va yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinib, mahallalar yettiligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Sessiyada Ikromjon Tursunov so‘zga chiqib, o‘zi masʼul bo‘lgan Shofirkon tumani sektor rahbarlarining hisobotlari, ko‘rilgan yuqoridagi masalalar va bu borada mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘zining bir qator fikr va mulohazalari, taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.
Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan sessiya ishida boshqarma boshlig‘i va mahalliy deputatlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ijrosi alohida nazoratga olindi.