25 Sentyabr 2024 yil 1963

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunov boshchiligida Shofirkon tumanida ham Davlatimiz rahbari tomonidan  2024-yil 23-sentabr kuni imzolangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Qarorning mazmun mohiyatini o‘rganish yuzasidan o‘quv amaliy seminari o‘tkazildi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 23-sentabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida” gi PF-143-sonli Farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli Qarori imzolanib, unda mutasaddi vazirlik va idoralar hamda hududiy hokimliklarga qator vazifalar yuklatilgan 

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov eng avvalo mazkur Farmon hamda Qaror mazmun mohiyatini o‘qib o‘zlashtirish maqsadida o‘zi masʼul bo‘lgan tumanlar mahallalariga hamda ushbu hududlardagi kambag‘al oilalarga biriktirilgan mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘quv amaliy seminarlarini o‘tkazib kelmoqda.

Xuddi shunday navbatdagi seminar bugun Shofirkon tumani hokimligida o‘tkazildi. Bunda mazkur tuman sektor rahbarlari, shuningdek og‘ir hudud sifatida baholangan mahallalar va mahallalardagi kambag‘al oilalarga biriktirilgan viloyat hamda tuman mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminar davomida yuqoridagi Farmon hamda Qarorning mazmun mohiyati, ularning ijro etilishi bilan bog‘liq masʼul rahbarlarning kundalik ish faoliyati, eng og‘ir ahvoldagi mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, og‘ir turmush tarziga, moddiy va maʼnaviy ko‘makka muhtoj kambag‘al oilalarning yashash sharoitlarini tubdan o‘zgartirish va ularni kambag‘allikdan chiqarishga doir belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashning mexanizmlari birma bir tushuntirildi.

Mazkur o‘quv seminari ham amaliy, ham ishchan va munozaralarga boy bo‘ldi. Mashg‘ulot davomida mahallalarga biriktirilgan mutasaddilar va taalluqli idoralarning rahbarlari tomonidan Farmon va Qaror ijrosini taʼminlash bilan bog‘lik kundalik ish faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha taklif hamda mulohazalar bildirildi.

Boshqarma boshlig‘i bildirilgan har bir taklifni atroflicha muhokama qilib, galdagi vazifalarni belgilab bergan holda, ushbu Farmon va Qarorda nazarda tutilgan keng ko‘lamli vazifalarni bajarishda har bir rahbardan shaxsiy namuna ko‘rsatib, aynan ushbu tumanning “Dorigar” mahallasida amalga oshirilgan, sinovdan o‘tgan tajriba asosida o‘zlari biriktirilgan mahalla yettiligi, qishloq va ko‘cha vakillari, nuroniy oqsoqollar, oqila ayollar kengashi aʼzolari, mahalla imomi va otinoyilari, patronaj hamshiralar va mahallaning obro‘ eʼtiborga ega faollari bilan uchrashib, hududdagi eng og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, moddiy va maʼnaviy ko‘makka muhtoj, kambag‘al oilalarning real hisobini shakllantirgan holda ushbu toifa oilalar bilan individual reja asosida manzilli ishlarni olib borish lozimligini taʼkidladi.

Shu kunning o‘zida mazkur tumanda ham “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining ijrosini taʼminlash, mahallalarga biriktirilgan mutasaddi rahbarlarning kundalik ish faoliyatini nazorat qilish hamda monitoringini yuritish maqsadida tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ishchi guruh o‘z ishini boshladi.

Bu kabi, o‘quv amaliy seminarlari viloyat 3-sektoriga qarashli boshqa tumanlarda ham davom ettiriladi.

Text to speech