Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov sektorga qarashli G‘ijduvon tumanining og‘ir hududlaridan biri Toshloq mahallasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishdi
Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-son Qarori hamda "Raqamlashgan, obod va xavfsiz mahalla" tamoyili asosida viloyatimizning 55 ta og‘ir toifali mahallalarida manzilli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumanining “Toshloq” MFY si ham xuddi shu toifa mahallalardan biri bo‘lib, bugungi kunda ushbu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash, aholini qiynab kelayotgan tizimli muammolarni hal etish orqali obod va xavfsiz go‘shaga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli tozalash-obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan ushbu mahallaga biriktirilgan masʼullar, hududiy sektor rahbarlari va mahalla yettiligi ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida boshqarma boshlig‘i ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurib, mahalla faollari va aholi bilan muloqot o‘tkazdi va jarayonda aholini qiynab kelayotgan mavjud ijtimoiy-maishiy muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish borasida topshiriqlar berdi.
Prezidentimizning "Kambag‘allikdan farovonlik sari" Dasturi, shuningdek, "Sayxunobod", “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tumanlari tajribalari asosida aholining doimiy daromad manbaini oshirish, bir ko‘cha bir mahsulot tamoyili asosida mahalla drayverini yaratish, xonadonlarning tomorqalaridan unumli foydalanish, bunda kichik hajmli issiqxonalarning afzalliklarini keng targ‘ib qilish, tadbirkorlik, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirib, pirovardida ishsiz va migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarimizni doimiy va daromadli ish bilan taʼminlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, mahallaning ichki yo‘llarida harakat xavfsizligini taʼminlash, piyodalar, ayniqsa voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida barpo etilayotgan “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz yo‘lak” loyihalari doirasida olib borilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.
Mahalla hududidagi 34-sonli umumtaʼlim maktabida ham bo‘lgan masʼullar, muassasada taʼlim sifati, o‘qituvchi va o‘quvchilarga yaratib berilgan sharoitlar, davomad darajasini ko‘zdan kechirdilar.
Yana bir muhim masala, zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan taʼminlangan mahallaning nazoratga olinmagan boshqa muhim nuqtalari, maktab va uning ochiq sport maydoni, aholi xonadonlari, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida qo‘shimcha intellektual kameralarni o‘rnatish, qo‘riqlash pultiga ulanish, shuningdek, energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan oqilona foydalanishning afzalliklarini tushuntirish orqali quyosh panellarini o‘rnatish borasidagi manzilli ishlarni kuchaytirish borasida ham ko‘rsatmalar berildi.
Mahalla hududidan o‘tuvchi yo‘llar va ichki ko‘chalarda tozalash, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekib yangi bog‘lar yaratish, fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlarida, bog‘ va tokzorlarda bahorgi agrotexnik tadbirlarni olib borish, ariq va zovurlarni tozalash, betonlashtirish kabi ishlarni bajarish yuzasidan berilgan vazifalarning ijrosi ham ko‘zdan kechirilib, qo‘shimcha tavsiya va topshiriqlar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.