Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumani mahallalarining yettilik vakillari ishtirokida dolzarb masalalarni muhokama qildi
Kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini tubdan o‘zgartirish, amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yana-da kuchaytirish, aholi turmush darajasini oshirish, shu jumladan mehnatga layoqatli, doimiy daromad manbasiga ega bo‘lmagan aholining ishsiz qatlamini doimiy ish bilan taʼminlash, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi.
Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida bugun viloyat 3-sektor rahbari Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumanida bo‘lib, tuman mutasaddi rahbarlari va mahallalar “yettilik” vakillari bilan uchrashib quyidagi masalalarni muhokama qildi, jumladan:
·har bir mahalla kesimida hududlar infratuzilmasini yaxshilash, yaʼni ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, joriy taʼmirlash va asfaltlashtirish, elektr energiyasi, tabiiy yoki suyultirilgan gaz, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, mahallarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni jadallashtirish;
·fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida yechim topish;
·tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab quvvatlab, ularning faoliini kengaytirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish;
·aholining ishsiz qatlamini tadbirkorlik va kasb-hunarga yo‘naltirish, tomorqadan samarali foydalanish yo‘llarini tushuntirib ularni doimiy ish va daromad manbasiga ega qilish;
·"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida viloyatimiz iqlim sharoitiga mos keladigan turli mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlarini ekib bog‘lar yaratish;
·kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida eng avvalo ijtimoiy obyektlar, maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, markaziy shifoxona, oilaviy shifokorlik punktlaridagi qozonxonalarning sozligi va ishchi holatda ekanligini kundalik nazoratga olish;
·mazkur yo‘nalishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
·qozonxonalar va isitish tizimlarining holatini yaxshilash orqali mazkur obyektlarda issiqlikning barqarorligini taʼminlash;
·ijtimoiy obyektlar binolarining taʼmirtalab tom va fasad qismlarini hamda kirish yo‘laklarini taʼmirlash, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatib, yerto‘lalarni tartibga keltirish;
·isteʼmolchilarni barqaror elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir yoqilg‘isi bilan taʼminlash;
·mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga doir olib borilayotgan “fuqarobay”, “xonadonbay” ishlarni manzilli amalga oshirib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish;
·savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, odamlar gavjum bo‘ladigan markaziy ko‘cha va boshqa jamoat joylarida, mahallaning kirish va chiqish yo‘llari yoqasida zamonaviy videokuzatuv kameralarini o‘rnatish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish masalalari birma bir ko‘rib chiqildi.
Har bir masala yuzasidan masʼul rahbarlar va mahallalar yettilik vakillarining fikr mulohazalari, joylardagi mavjud muammolar chuqur tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Muhokama yakunida boshqarma boshlig‘i tomonidan mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Bu kabi muhokama yig‘ilishlari viloyat 3-sektoriga qarashli barcha hududlarda reja asosida o‘tkaziladi.