Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunovga biriktirilgan ko‘lijabborlik oilalar farovon turmush sari yangi qadamlar qo‘ymoqda
Xabaringiz bor, joriy yilning 23-sentabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida” gi PF-143-sonli Farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli Qarori imzolanib, vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar va boshqa taalluqli idoralar rahbarlariga bir qator topshiriqlar berildi.
Jumladan, Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi kambag‘al oilalar rahbar xodimlarga biriktirib berildi.
Avval xabar berganimizdek, viloyat 3-sektori rahbari sifatida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari hamda barcha hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga ham kambag‘al oilalar biriktirib berilib, manzilli ishlar boshlab yuborilgan edi.
Bugun, boshqarma boshlig‘i Ikromjon Tursunov G‘ijduvon tumani Ko‘lijabbor mahallasida bo‘lib, o‘ziga biriktirilgan ushbu fuqarolarning xonadonlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish va taʼmirlash ishlarining yakuniy bosqichini ko‘zdan kechirdi.
Bundan tashqari ushbu oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlab chiqilgan individual reja asosida ularning turmush darajasini yaxshilash va daromadini oshirish, farzandlarining qiziqishlaridan kelib chiqib, turli fan va sport to‘garaklariga jalb etilganlik, munosib va sifatli taʼlim olishlari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlarni ham birma-bir ko‘zdan kechirib, masʼullarga yana bir qator topshiriqlarini berdi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi organlari rahbar xodimlariga biriktirilgan har bir kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha tuzilgan yo‘l xaritalarining ijrosi alohida nazoratga olingan bo‘lib, har biri bo‘yicha individual reja asosida manzilli ishlar davom ettirilmoqda.