4 Sentyabr 2024 yil 986

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov "Bir bo‘lsak yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz shiori" ostida G‘ijduvon tumanining 67-sonli umumtaʼlim maktabida o‘tkazilgan “Bilimlar kuni” tadbirida ishtirok etdi

Bugun, 4 sentyabr kuni butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizdagi mavjud 576 ta umumtaʼlim va xususiy maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkillashtirildi.

“Bilimlar kuni” doirasidagi mazkur tadbirlarda Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi 3-sektor rahbarlari ham ishtirok etishib, o‘quvchilarni yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan tabriklashdi.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov ham G‘ijduvon tumanining 67-sonli umumtaʼlim maktabida o‘tkazilgan “Bilimlar kuni” tadbirida ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i Mustaqilligimizning qutlug‘ 33 yillik ayyomi, shuningdek, yangi o‘quv yili bilan taʼlim maskani o‘qituvchi va o‘quvchilari hamda ota-onalarni tabrikladi.

Viloyat 3-sektor rahbari so‘nggi yillarda maktab taʼlimi sohasidagi islohotlarga to‘xtalib, Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va maʼnaviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini taʼminlash, ularning qobiliyat va isteʼdodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ahohida taʼkidladi.

Ayni islohotlar Buxoroda ham o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida joriy yilda viloyatimizdagi 39 ta maktablarda 4,4 mlrdso‘mlik keng ko‘lamli qurilish-taʼmirlash ishlar amalga oshirildi.

Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga taʼlim sifati va pedagog kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham alohida nazoratga olingan.

O‘tgan o‘quv yilida Buxoro viloyati bo‘yicha 22 mingga yaqin o‘quvchilar maktabni bitirib, ularning 11 mingdan ortig‘i oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirdi.   

Eng quvonarlisi, viloyatimiz maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi respublikada 51 foizni tashkil etib, faxrli 1-o‘rinni oldi.

Ushbu maktablar orasida G‘ijduvon tumanidagi ayni 67-umumtaʼlim maktabining 37 nafar bitiruvchisidan 35 nafari (95 %) ning oliy taʼlimga o‘qishga kiriganligi esa tahsinga sazovor.

Boshqarma boshlig‘i so‘zi davomida bunday ijobiy natijalarning qayd etilishida pedagog-o‘qituvchilarimizning hissasi katta ekanligini alohida taʼkidlab, ularga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so‘ng, namunali o‘qituvchi va o‘quvchilarga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Tadbir davomida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov va tuman hokimi Sherzod Ashurovlar maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yayotgan 1-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘alari”ni topshirdilar.

Tadbirning eng kulminatsion nuqtasi, birinchi sinfga ilk bor qadam qo‘ygan yosh bolajonlarning maktab anʼanasiga aylangan “Qasamyod” ni qabul qilish jarayoni bo‘ldi.

Jarayonda maktabda ilk marotaba tashkil etilgan "Yosh gvardiyachilar" sinfining tarbiyalanuvchi va boshqa o‘quvchilar tilidan yangragan kuy, qo‘shiqlar hamda rahslar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbirdan so‘ng barcha sinflarda o‘quvchilar bilan "Mustaqillik darslari" o‘tkazildi.

Text to speech