4 Oktyabr 2024 yil 2180

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunovga biriktirilgan “ko‘lijabborlik” kam taʼminlangan oilalarning muammolari yechim topmoqda

Xabaringiz bor, joriy yilning 23 sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida” gi PF-143-sonli Farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli Qarori imzolanib, vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar va boshqa taalluqli idoralar rahbarlariga bir qator topshiriqlar berildi.

Bunga asosan Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi kambag‘al oilalar ham viloyat hamda hududiy sektor rahbarlariga biriktirib berildi.

Shu jumladan 3-sektor rahbari sifatida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari hamda barcha hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga ham kambag‘al oilalar biriktirib berilib, manzilli ishlar boshlab yuborilgan edi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida G‘ijduvon tumani Ko‘lijabbor mahallasida bo‘lib, o‘ziga biriktirilgan Jamila Boboyorova, Samandar Hamroyev hamda Holovat Cho‘lliyevalarning xonadonlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish va taʼmirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘rganishlar davomida, ushbu oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlab chiqilgan individual reja asosida ularning turmush darajasini yaxshilash va daromadini oshirish, farzandlarining qiziqishlaridan kelib chiqib, turli fan va sport to‘garaklariga jalb etgan holda, sifatli taʼlim olishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish borasida masʼullarga yana bir qator tavsiyalar berildi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi organlari rahbar xodimlariga biriktirilgan har bir kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha tuzilgan yo‘l xaritalarining ijrosi alohida nazoratga olingan.

Text to speech