14 May 2024 yil 796

Buxoro viloyati 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumanida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi

Joriy yilning 14 may kuni Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan, tuman hokimi va sektor rahbarlari ishtirokida G‘ijduvon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan tizimli muammolarni hal etish, "Obod va xavfsiz xonadon" tamoyili asosida mahallalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tozalash-obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash, bunyodkorlik ishlarini yana-da jadallashtirish, uzoq muddatga yashash, ishlash va boshqa maqsadlarda chet ellarga chiqib ketgan va qaytib kelgan fuqarolar, ularning bu yerda qolgan oila aʼzolari, voyaga yetmagan farzandlari muammolarini o‘rganish va ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, shu bilan birga ichki ishlar organlari hududiy bo‘lim hamda bo‘linmalari faoliyati, shaxsiy tarkibga yaratilgan sharoitlarni yana-da yaxshilash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar hamda aniq vazifalarni belgilash masalalari ko‘rib chiqildi.

Dastlabki o‘rganish ishlari Buxoro viloyati IIB JXX YHXB xizmat hududi hisoblangan, Buxoro viloyatining kirish darvozalaridan biri Sarmijon muntazam YPX maskanidan boshlandi.

Bu yerda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilib, maskanni joriy taʼmirlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi masʼul rahbarlari boshchiligida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M37 yo‘lining ushbu maskandan Vobkent tumani chegarasigacha bo‘lgan 24 km.lik  masofasida  joylashgan 15 ta mahallalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tozalash-obodonlashtirish, qurilish va bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi.

Jarayonda "Obod va xavfsiz xonadon" tamoyili asosida uyma-uy yurilib, ijtimoiy ahvoli og‘ir, kam taʼminlangan, “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kirgan, shuningdek, bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblangan uzoq muddatga ketgan va qaytib kelgan fuqarolar, ularning yaqin qarindoshlari qaramog‘ida yoxud vasiyligida qoldirgan voyaga yetmagan farzandlari holidan xabar olish maqsadida ularning xonadonlariga borilib, ushbu toifadagi shaxslarning muammolari va murojaatlari o‘rganildi va tuman sektor rahbarlariga aniqlangan masalalar yechimi yuzasidan tavsiya, ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Keyingi manzil, G‘ijduvon tumanining 2-sektoriga xizmat ko‘rsatuvchi tuman IIB huzuridagi 2-son Ichki ishlar bo‘limi bo‘ldi.

Bu yerda boshqarma boshlig‘i tomonidan xodimlarning ish daftarlari, yurituvidagi hujjatlar, temir sandiqlar birma-bir ko‘zdan kechirilib, ijro intizomi, nazorat kartochkalari va ularning ijrosi, profilaktik hisob yig‘ma jildlarining yuritilishi taftish qilindi.

Shuningdek, bo‘limda xodimlarning ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, xizmat xonalarida mavjud moddiy texnika taʼminotining ahvoli ham ko‘rikdan o‘tkazildi.

O‘rganish davomida aniqlan bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tuman Ichki ishlar boshqarmasi va 2 son-IIB boshliqlariga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Shundan so‘ng, "Xaticha" mahallasidagi 24-son umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurib, maktab faoliyati, o‘quvchilarni darsdan so‘ng turli to‘garaklarga jalb etilishning holati va qamrovi o‘rganilib, maktab maʼmuriyatidan yaqinlashib kelayotgan yozgi taʼtil davomida bolalarning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish, taʼtil davomida ular xavfsizligini taʼminlash borasida ota-onalar bilan hamkorlida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida so‘rov amalga oshirildi.

G‘ovshun” va “O‘zanon” mahallalarida xotin-qizlar, ayniqsa, "Ayollar daftari"ga kiritilgan fuqarolarning bandligini taʼminlash, doimiy daromad manbaiga ega qilish borasida izchil faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarining ish samaradorligi ham ko‘zdan kechirildi.

Jumladan, "O‘zanon" qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Mavjuda Allayevaning to‘y va marosimlar liboslari tikuv sexi imkoniyatlari, bunda ishlab kelayotgan 50 nafar xotin-qizlarning ish unumdorligi va daromadi, kelgusida mazkur sex faoliyatini kengaytirish borasidagi taqdimoti bilan tanishildi.

Tadbirkorga har tomonlama ko‘maklashish, uning ish faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish borasidagi takliflari, bu sohada yuzaga chiqayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar berilib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng, ushbu qishloqda yashayotgan va o‘z xonadonining tomorqa yer maydonida issiqxona tashkil qilib, har oyda 10 mln. daromad qilib kelayotgan mirishkor dehqon Asad ota Idiyev tajribasi ham o‘rganildi va uning amalga oshirayotgan ishlarini namuna sifatida mahallaning qolgan xonadonlari va qolaversa tumanning boshqa mahallalarida ham keng miqyosda joriy etish yuzasidan masʼullarga tavsiyalar berildi.  

Boshqarma boshlig‘ining bu kabi o‘rganishlari viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlarida, vertikal tartibda qolgan barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarda davom ettiriladi.

Text to speech