Buxoro viloyati 3-sektoriga qarashli Vobkent tumani Xalach mahallasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Yangi yil bayrami arafasida ko‘plab hududlarda yangi va zamonaviy inshootlar qad rostlab, yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotir.
Xususan, viloyat 3-sektoriga qarashli hududlarda ham bir-biridan ko‘rkam binolar foydalanishga topshirilyapti.
Shulardan biri Vobkent tumanining “Xalach” mahalla fuqarolar yig‘ini binosidir. Mazkur maskan mahalla aholisiga chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, tuman sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalla yettiligi ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatning asl maqsadi mamlakatni ertangi kundagi rivojlanishining muhim bosqichi, avvalo, mahalla institutining faoliyatini yana-da takomillashtirish va nufuzini yana-da yuksaltirishga qaratilganini taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng masʼullar mahalla binosida xodimlar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi.
Maʼlumot o‘rnida mahalla binosida barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mahalla raisi, xotin qizlar faoli, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda soliq inspektori uchun alohida xizmat xonalari ajratilgan.
Yangi yil bayrami arafasida mana shunday binolarning foydalanishga topshirilishi bayramga munosib tuhfa bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning qolgan barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.