7 Noyabr 2024 yil 1776

Buxoro viloyati 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumanining eng olis mahallalaridan biri hisoblangan "Oqrabot" mahallasida jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, migrantlar bilan ishlash, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 08-yanvar kunidagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy, iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4102-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, 3-sektor mahallalarida aholining hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirish, fuqarolar bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda sektorlar faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadida viloyatning 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumani Oqrabot mahallasida ishchi guruhlar shakllantirilib faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Maʼlumot uchun: ishchi guruhlar tarkibida viloyat IIBdan 16 nafar, tuman IIBdan 12 nafar, viloyat 3-sektor shtabiga biriktirilgan korxona va tashkilotlarning 21 nafar, G‘ijduvon tuman 3-sektor hududiga biriktirilgan korxona va tashkilotlarning 18 nafar masʼul rahbarlari, Oqrabot MFY mahalla yettiligi, qishloq va ko‘cha vakillari hamda faollar jalb qilindi.

Bugun, viloyat 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunov mazkur mahallaga tashrif buyurib, viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan biriktirilgan masʼullar hamda ishchi guruh aʼzolariga amalga oshirishlari lozim bo‘lgan galdagi vazifalarini birma bir tushuntirib berdi.

Bundan tashqari ishchi guruhlarning kundalik ish natijalarini monitoring qilish, tahlil asosida umumlashtirib, muammolarning darajasidan kelib chiqqan holda toifalarga ajratish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu jarayonda, ishchi guruhlar tomonidan Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabr kunidagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi PF-143 sonli Farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330 sonli qarorlariga muvofiq hududlarda aholi turmush shart-sharoitlarini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarining natijadorligiga erishishda yangicha yondashuv va to‘plangan milliy tajribani qo‘llash chora-tadbirlarini yana-da yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida ham bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, xususan:

· Oqrabot mahallasidagi barcha xonadonlarda xatlov tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolarning turmush tarzi, ularning ijtimoiy va iqtisodiy muammolari o‘rganilib, mahalladagi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan fuqarolar, nafaqaxo‘rlar, ijtimoiy nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning real ro‘yxatlari shakllantirilmoqda;

· mahallada yashovchi uzoq muddatga ketgan shaxslarning oila aʼzolari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, suhbat davomida ushbu fuqarolarning barchasi mahalla profilaktika inspektori tashabbusi bilan tashkil qilingan “Uzoq muddat” telegram guruhiga aʼzo qilinmoqda;

· aholining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini taʼminlash maqsadida, ko‘mirga va qo‘shimcha suyultirilgan gazga ehtiyoji bor xonadonlar ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga ko‘mir va qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda;

· mahalla hududidagi ijtimoiy soha obyektlari (umumtaʼlim maktabi, maktabgacha taʼlim muassasasi, qishloq vrachlik punkti hamda mahalla fuqarolar yig‘ini binolari) ning kelayotgan qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi taftishdan o‘tkazilib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda;

· mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi ijtimoiy jihatdan juda qiynalib qolgan kambag‘al oilalar xonadonlariga shaxsan borilib, ularning muammo va ehtiyojlari o‘rganilib, har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsadida individual chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi;

· jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida, mahallada yashovchi ichki ishlar organlari hisobida turgan fuqarolar bilan alohida profilaktik tadbirlar olib borilib, mahallada raqamli texnologiyalarni joriy etish, kameralashtirish maqsadida ham manzilli ishlar boshlab yuborildi;

·  hududdagi ijtimoiy soha obyektlariga, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari hamda aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish, uning afzalliklari va elektr energiyasini tejash bo‘yicha tushuntirish targ‘ibot tadbirlari kuchaytirildi;

·  aholi o‘rtasida norozilikni keltirib chiqarayotgan va murojaatlar ko‘payishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish choralari ham ko‘rilmoqda.

Mazkur keng ko‘lamli manzilli chora-tadbirlarning olib borilishi kelgusida ushbu mahallani "Raqamli, obod va xavfsiz mahalla tamoyili asosida yangicha qiyofa kasb etishiga, jinoyat va ishsizlikdan xoli, obod va ko‘rkam hamda farovon oilalar istiqomat qiladigan go‘shaga aylanishiga zamin yaratadi.

Text to speech