Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunovning “25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan soha xodimlari va faxriylariga bayram tabrigi
Hurmatli Ichki ishlar organlari xodimlari
Qadrli faxriylar!
Avvalo, barchangizni bugungi sana — mamlakatimizda ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda “25 oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
“Yangi O‘zbekistonda — Yangi ichki ishlar organlari” tamoyili asosida xizmatni tashkil etilishida, ichki ishlar tizimida sidqidildan xizmat qilayotgan vatanparvar, fidoyi, jasoratli va mard hamkasblarimizning alohida o‘rni bor.
O‘z hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan Siz, xodimlar, aziz faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila aʼzolariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
O‘tgan davr mobaynida sohada amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy moddiy texnik vositalar bilan taʼminlangan, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar kadrlarni o‘zida jamlagan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizim yaratildi.
Shu bois bugun, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada bajarishimiz uchun har bir ichki ishlar organi xodimi fidoyilik, vatanparvarlik bilan bor kuch va g‘ayratini safarbar etmog‘i lozim.
Qadrli hamkasblar!
Aziz ustozlar!
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, uzoq-umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.
Yurtimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli shu bilan birga sharafli xizmatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.
Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!