Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov Kogon tumanida sayyor qabul o‘tkazdi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bugun markazdan tortib olis qishlog‘u ovullarda yashayotgan yurtdoshlarimizning yillar davomida to‘planib qolgan muammolari yechimiga xizmat qilmoqda.
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov hududlarda bo‘lib, bevosita holining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.
Boshqarma boshlig‘i boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Kogon tumanining Kogon mahallasi aholisi bilan o‘tkazildi.
Dastlab, boshqarma boshlig‘i boshchiligida mahalla hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish borasida mahalla “yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida o‘tkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 15 dan ortiq fuqrolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma bir ko‘rib chiqildi.
Jumladan, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi hamda motokultivator olishda ko‘maklashish borasidagi masalalarlar ko‘tarildi.
Murojaatlarning aksariyati shu kunning o‘zida hal etildi.
Jumladan, 13 nafar ayollarga subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berilgan bo‘lsa, 2 nafar fuqaroga motokultivator taqdim etildi.
Shu bilan birga shu kuni, 16 yoshga to‘lgan, birinchi marta fuqarolik pasporti olayotgan Rayxona Jumayevaga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi.
Qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilgan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlariga bajarish muddatlari aniq belgilangan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Qabuldan so‘ng boshqarma boshlig‘i mahallada "xonadonbay" tizimi asosida o‘rganishlar olib bordi.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Obid Hakimovning xonadonida bo‘lgan boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar tomonidan xonadon egasining asalarichilik, tovuqchilik, limonchilik va chorvachilik borasidagi oilaviy tadbirkorlik faoliyati o‘rganildi.
Mazkur mahallada yashovchi Kamola Toyirova tikuvchilik faoliyatini tashkil qilgan. U bugungi kunda mahalladagi ishsiz ayollarni ish bilan taʼminlamoqda. Ushbu tikuv sexi faoliyatini o‘rgangan boshqarma boshlig‘i masʼullarga tadbirkorning faoliyatini kengaytirishda va bu orqali orqali mahalladagi ayollar bandligini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.